Eron yadroviy kelishuvdan chiqmoqchi. Buning sababi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
28 mart 2023
15144Muloqot hamkorlari Qo‘shma kompleks harakatlar rejasi (QKHR yoki yadroviy bitim) bo‘yicha muzokaralarga qaytishni kechiktirsa, Eron yadroviy kelishuvdan chiqishi mumkin. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon “Al-jazeera” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Eron parlamentiga yadroviy kelishuvga qaytish bo‘yicha muzokaralar uchun maksimal muddat belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi”, deydi u.
QKHR Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuv bo‘lib, 2015 yil Lozannada qabul qilingan. Eron va bir guruh davlatlar o‘rtasidagi mazkur siyosiy kelishuv Eronning yadroviy dasturiga nisbatan 5+1 nomi bilan tanilgan. Guruh tarkibiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining (BMT Xavfsizlik Kengashi) besh nafar doimiy a’zosi – Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya kiradi.
2018 yilda AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH kelishuvdan chiqishini e’lon qilgan va Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritgan. Bunga javoban 2019 yilda Eron kelishuvning ikki bandi to‘xtatilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 4 mart kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA – MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi Tehronda Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Bundan tashqari, Grossi Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Eslamiy bilan ikki raund muzokaralar olib borgan. MAGATE rahbari o‘sha kuni Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ham uchrashib, tashrif davomida ishlab chiqilgan Eron va MAGATE o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi qo‘shma chora-tadbirlardan mamnunligini bildirgandi.
Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani Eron va Amerika Qo‘shma Shtatlari vositachilar orqali Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha xabar almashishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi