Eron vaziri: AQSH bilan urushga juda yaqin edik
Olam
−
15 fevral 2020
8339AQSH va Eron Isom inqilobi posbonlari korpusining “Quds” maxsus bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniyning “qo‘rqoqlarcha” o‘ldirilganidan keyin urush boshlashga yaqin kelgan. Bu haqda NBC telekompaniyasining Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan intervyusda aytib o‘tilgan.
“Biz urushga yaqin edik. Chunki Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi agressiv harakat qildi va, kechirasizu, buni qo‘rqoqlarcha amalga oshirdi. Ular Sulaymoniyni jang maydonida yenga olishmasdi, shuning uchun qorong‘u kechada dron orqali hujum qilishdi”, degan Zarif.
Vazir so‘zida davom etib, Eron Sulaymoniyni yo‘q qilish operatsiyasi boshqarib turilgan harbiy bazaga hujum qilib, to‘g‘ri qarorga kelganini aytdi.
“Biz Qo‘shma Shtatlarga Eronni g‘azablantirmaslik kerakligi va unga qarshi harakatlarning javobi bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edik. O‘ylashimcha, AQSH ma’muriyati Eron haqidagi yolg‘on axborotlar oqibatidan aziyat chekyapti. Bu fojia keltirib chiqarishi mumkin”, degan Eron TIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 yanvar kuni Bag‘dodda AQSH dronlari Qosim Sulaymoniy va shialarnng yana bir yetakchisini o‘ldirdi. Eron bu uchun qasos olishga va’da berdi. Bir necha kundan so‘ng Eron Iroqdagi ikki amerika bazasiga raketa hujumi uyushtirdi. Ammo hujumda hech kim halok bo‘lmadi. Keyinroq, 100 nafardan ortiq askarga "miya chalqalishi" tashxisi qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Eron esa bu hujum Sulaymoniy o‘limi uchun javob ekanini aytib, masalaga nuqta qo‘ydi.
LiveBarchasi