Eron “valiahd shaxzodasi” Isroilga bordi. Bu qahramonlikmi yoki ikkiyuzlamachilik?

Olam

image

Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li, monarxiya davridagi valiahd shaxzoda Rizo Pahlaviy Isroilga borib, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi. Bu haqda “Aljazeera” xabar berdi.

Rizo Pahlaviy Eronning hozirgi teokratik tuzumiga olib kelgan 1979 yilgi islom inqilobidan sal oldin mamlakatni tark etgan. U Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashagan va o‘nlab yillar davomida o‘zini Eron respublikasiga qarshi asosiy shaxs sifatida ko‘rsatishga harakat qilgan.

Hozirda 62 yoshni qarshilagan Pahlaviy Isroilga safari davomida mamlakat Razvedka vaziri Gila Gamliel, Bosh vazir Netanyaxu va Prezident Isxak Gersog bilan uchrashgan. O‘zini dunyoviy, demokratik Eron tarafdori deb atagan Pahlaviy Isroilga safaridan maqsad porloq kelajak qurish ekani, shuningdek, Isroil xalqiga Erondagi hukumat Eron xalqining vakili emasligini bildirishni xohlashini aytgan.

Rizo Pahlaviy o‘ta o‘ngchi Isroil hukumati tomonidan mamnuniyat bilan kutib olingan va uni tarixda Isroilga tashrif buyurgan eng ko‘zga ko‘ringan eronlik deb atashgan. Shuningdek, Isroil Pahlaviyni Eronning surgundagi valiahd shahzodasi, deb bilishini ham ma’lum qilgan.

Rizo Pahlaviy Isroil rasmiylari bilan turli tadbirlarda qatnashgan, jumladan, Xolokostni xotirlash kuni tadbirida ishtirok etgan, G‘arbiy devor yoniga borgan va u yerda ibodat qilgan, shuningdek, shu oyda falastinliklar tomonidan sodir etilgan otishmada ikki qizi va xotinini yo‘qotgan ravvin Leo Dini ziyorat qilgan. Biroq “valiahd shahzoda” muqaddas Ramazon oyida isroillik askarlarning qayta-qayta reydlariga uchragan Al-Aqso masjidiga bormagan, Falastin haqida ham lom-mim demagan.

Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi esa Pahlaviyning tashrifi hech qanday izoh yoki munosabatga arzimasligini bildirgan.
“Na siz aytgan shaxs, na uning safardan ko‘zlagan maqsadi va na u borgan joy muhokama qilishga arzimaydi”, degan Eron TIV matbuot kotibi Nosir Kanani undan mazkur safar borasida izoh so‘ralganda.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Eron axloq politsiyasi hibsxonasida Mahsa Amini ismli kurd ayolining vafot etishi ortidan butun mamlakat bo‘ylab avj olgan norozilik namoyishlaridan so‘ng Pahlaviy tobora o‘zini asosiy muxolifat yetakchisi va kelajakdagi Eronning asosiy shaxsi sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. U bir qancha mamlakatlarga borgan, Amerika va Yevropa siyosatchilari bilan uchrashgan, boshqa muxolifat vakillari bilan ham aloqalar o‘rnatgan.

Uning tarafdorlari Rizo Pahlaviyni ming yillar oldin Fors imperiyasiga asos solgan hukmdor Buyuk Kir bilan taqqoslab, uni “zamonning Kiri” deb nomlagan. Ushbu tarafdorlarning ko‘pchiligi uning Isroilga tashrifidan hayajonlanib, Pahlaviyni ko‘prik quruvchi sifatida olqishlagan. Shuningdek, ular Pahlaviyning G‘arbiy devorda “kipa” (yahudiy erkaklarning an’anaviy bosh kiyimi) bilan ko‘rinish berganini ham maqtab, antisemitizmni qoralashgan.

Biroq tanqidchilar xuddi shu tasvirni ikkiyuzlamachilik sifatida baholagan, chunki Isroil kuchlari bosib olingan G‘arbiy Sohilda yashovchi falastinliklarga qarshi reydlar uyushtirmoqda va mamlakat xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan falastinliklarga qarshi “aparteid” deb tan olingan Isroilning eng o‘ng qanot ma’muriyati tomonidan boshqarilmoqda. 

“Pahlaviy har kuni demokratiya va inson huquqlarini oyoq osti qilayotganlar bilan hamnafas bo‘la turib, o‘zini qanday qilib bu qadriyatlar haqida qayg‘urayotgandek ko‘rsatishi mumkin?” degan Vashingtondagi Xalqaro siyosat markazi xodimi Sina Toossi.

Pahlaviyning rafiqasi Yasmin ham Instagram sahifasida o‘tgan yilgi namoyishlardan beri keng qo‘llanilgan “ayol, hayot, erkinlik” xeshtegining forscha muqobili bilan yosh isroillik askar ayol suratini joylashtirganidan so‘ng tanqidlarga uchragan.
Siyosiy faol Ali Afshariy esa Pahlaviy faqat o‘zi va o‘z tarafdorlari nomidan xabar yetkaza olishini, biroq butun Eron xalqi nomidan gapira olmasligini, chunki u hali xalqning qo‘llab-quvvatlovini qozonmaganini aytgan.

“Isroilliklarning ko‘pchiligining noroziligiga sabab bo‘lgan Isroil tarixidagi eng ekstremistik hukumat taklifini qabul qilish g‘ururlanadigan emas, balki sharmandali holatdir ”, deb yozadi Ali Afshariy Twitter sahifasiga.

Ma’lumot uchun, Eron va Isroil Pahlaviyning otasi davrida to‘liq diplomatik aloqalarga ega bo‘lmagan, ammo 1960-1970 yillarda konsullik va iqtisodiy aloqalarni saqlab qolgan. 1979 yilgi inqilobdan keyin bu holat teskari bo‘lib, ikki davlat ashaddiy dushmanga aylangan. Tehron yillar davomida Isroil davlati yo‘q qilinishini va’da qilib keladi. Xususan, yaqinda ham Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Tel-Aviv va Hayfa shaharlarini yakson qilish bilan tahdid qilgan. Isroil rasmiylari ham Eronga zarba berish rejalarini bir necha bor muhokama qilgan hamda Eronning yadroviy inshootlarini sabotaj qilish va olimlarni o‘ldirishda ayblangan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Muhammad Rizo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing