Eron va Ozarbayjon TIV rahbarlari elchixonaga qilingan hujumni muhokama qildi

Olam

image

27 yanvar kuni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan ozarbayjonlik hamkasbi Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qilingan hujumdan ikki davlat dushmanlari foydalanganini bildirdi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Media.az” xabar berdi.

Shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Ozarbayjonga ikki davlat xavfsizlik xizmatlari hamkorlikda tergov jarayonini olib borishini taklif qilgan. Eron Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Bayramov bu g‘oyani qo‘llagan.

Amir Abdullohiyyan hujumni qoralar ekan, mazkur voqea ikki davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
O‘z o‘rnida Jeyhun Bayramov Diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga asoslanib, u Eron tomoniga mezbon davlat elchixona binosini har qanday hujumlardan himoya qilishga va uning xodimlari xavfsizligini ta’minlashga majbur ekanligini yana bir bor eslatgan.

Ozarbayjon vaziri Eronning vakolatli organlaridan terrorchilik harakatini sodir etgan shaxsni zudlik bilan javobgarlikka tortishni, har tomonlama tergov qilish, ushbu jinoyatni tashkil etish va sodir etishda qatnashgan boshqa ishtirokchilarni aniqlash va jazolashni talab qilgan.

Eron tashqi ishlar vaziri marhumning oila a’zolari, Ozarbayjon rahbariyati va xalqiga hamdardlik bildirgan. Uning qayd etishicha, Eronning tegishli organlari ushbu hodisaga zudlik bilan munosabat bildirgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Qo‘lga olingan shaxsga qurol olib yurish va diplomatni o‘ldirish fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, u eng og‘ir jazoga tortiladi. Ta’kidlanishicha, elchixona hududi uchun mas’ul Eron politsiya organi faoliyati ham tekshirilmoqda. Eron vazirining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Ozarbayjon elchixonasi va uning xodimlari xavfsizligi eng yuqori darajaga ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 yanvar kuni soat 08:30 da Tehronda Ozarbayjon elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi. Hujum qilgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qurollangan. Hodisa oqibatida xavfsizlik xizmati boshlig‘i halok bo‘ldi, uning ikki hamkasbi yaralandi. Ikkinchisining holati qoniqarli deb baholanmoqda. Eron politsiyasi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumda gumonlanuvchining hibsga olingani haqida xabar berdi. 

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev elchixonaga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralab, uni terrorchilik harakati deb baholadi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hojizoda esa Ozarbayjon qurolli hujumdan keyin mamlakat elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqchiligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron va Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar