Eron uranni boyitishni to‘xtatishdan bosh tortdi – OAV
Olam
−
20:08 1656 1 daqiqa
Kecha, 6 fevral kuni AQSH va Eronning yuqori martabali vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Tehron yadroviy yoqilg‘ini boyitishni to‘xtatmaslik haqidagi pozitsiyasini tasdiqladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, shu bilan birga, har ikki tomon Vashington tomonidan harbiy keskinlashuv xavfini kamaytirishga qaratilgan yechim topish maqsadida diplomatik aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.
Eron davlat OAVlariga ko‘ra, Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Amerika tomoniga Eron na uranni boyitishni to‘xtatishini, na tegishli quvvatlarni mamlakat tashqarisiga olib chiqishini ma’lum qilgan. Shunday qilib, Tehron AQSHning asosiy talablaridan birini rad etgan.
“Eron uranni nol darajada boyitishga rozi bo‘lmaydi, bu haqda Eron rasmiylari bir necha bor bayonot bergan. Biroq boyitish darajasi yuzasidan muzokara olib borish mumkin”, deya ma’lum qilgan Maskatda bo‘lib turgan Eron davlat televideniyesi muxbiri.
Teleradiokompaniya ma’lumotiga ko‘ra, muloqot muhiti jiddiy, muzokaralar hali davom etmoqda va kelgusi kunlarda ham davom etishi mumkin. Ayni paytda Eron rasmiylari davlat televideniyesi tomonidan yangragan ushbu ma’lumotga hali izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ummon poytaxti Maskatda Tehron va Vashington o‘rtasida yadro masalasi bo‘yicha muzokaralarning birichi bosqichi yakunlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi