Eron Tramp boshchiligida 48 kishini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi
Olam
−
05 yanvar 2021
15553Avvalroq, Eron Hukumati Islom inqilobi posbonlari korpusining maxsus “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy o‘limiga aloqador bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatini tuzgani haqida xabar bergani haqida xabar bergan edik. Ushbu ro‘yxatdan AQSHning 48 fuqarosi, jumladan amaldagi Prezident Donald Tramp ham o‘rin olgan.
Rasmiy Tehron ro‘yxatdagilarni, xususan Prezident Donald Trampni xalqaro qidiruvga berdi. Bu haqda Tehronda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eron Islom Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi G‘ulom Husayn Ismoiliy ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Eron general Sulaymoniyning o‘ldirilishida mintaqaning olti davlati, asosan Iroq bilan hamkorlik qilmoqda.
"Biz Islom inqilobi posbonlari korpusining maxsus “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishda 48 kishining ishtiroki borligini aniqladik. Ular orasida AQSH rasmiylari, jumladan Pentagon va AQshning mintaqadagi qo‘mondonligi bor. Biroq, asosiy rolni prezident Donald Tramp o‘ynadi. Ularning barchasi Interpolning “qizil ro‘yxati” doirasida qidiruvga berilgan”, deydi Oliy sud vakili.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 3 yanvar kuni AQSHning Bag‘dod xalqaro aeroportiga uyushtirgan havo hujumi natijasida IIPKning “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandi. Bunga rasmiy Tehron 8 yanvar kuni Iroqdagi amerika harbiy bazalariga raketa zarbasi berish bilan javob qaytardi. AQSH hujum natijasida qurbonlar yo‘qligi, zarar kam ekanini ma’lum qildi.
Pentagon Sulaymoniyni yo‘q qilish buyrug‘i shaxsan Prezident Donald Tramp tomonidan berilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasida urush chiqishi xavfi ortib ketgandi.
Sulaymoniy Afg‘oniston, Iroq, Suriya va Liviya kabi mamlakatlarda Eron siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan.
Bir tomondan, Sulaymoniy Qo‘shma Shtatlarga qarshi kurashgan guruhlarning qo‘mondoni vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa tomondan u Iroqda AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda muhim rol o‘ynagan. Shu munosabat bilan Sulaymoniy nafaqat qo‘mondon, balki yaxshi diplomat sifatida ham tanilgan edi.
Qosim Sulaymoniy, shuningdek, Oyatulloh Ali Homanaiydan keyin Eronning xavfsizlik siyosatini shakllantirishdagi eng ta’sirchan ismlardan biri bo‘lgan.
LiveBarchasi