Eron TIV rahbari Moskvada. U Lavrovga nimalar dedi?

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, kecha, 28 mart kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon Tehrondan Moskvaga uchib ketgandi. Bugun, 29 mart kuni u Rossiya Tashqi ishar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligining Telegram kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar bilan birga tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilingan. Xususan, Kavkaz mintaqasidagi keskinlikni “3+3” formati doirasida hal qilish haqida so‘z borgan. Bu format Janubiy Kavkazning uchta davlati (Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya) va mintaqaning eng yaqin uchta qo‘shnisi (Rossiya, Eron va Turkiya) ishtirokini nazarda tutadi.

“Albatta, biz “3+3” mexanizmi orqali, shuningdek, mavjud boshqa mexanizmlar orqali kuch ishlatmasdan bu mintaqadagi muammolarni hal qilishimiz kerak”, degan Abdullahiyon Lavrov bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Shuningdek, uchrashuvda Ukrainadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan. Unda Eron vakili o‘z davlati prezident va TIV darajasida Ukrainada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan. Bundan tashqari, u G‘arb Kiyevga qurol yetkazib berish orqali Ukrainadagi vaziyatni murakkablashtirayotganini ta’kidlagan.

Muzokaralardan so‘ng Moskvada kelasi haftada Rossiya, Turkiya, Eron va Suriya vakillarining vazir o‘rinbosarlari darajasidagi uchrashuvi bo‘lishi ma’lum qilingan.
Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan Tehronda uchrashishga umid bildirgan.  

“Umid qilamanki, yaqin kelajakda Tehronda hamkasbimni qabul qila olaman va biz u yerda yakuniy hujjatni imzolay olamiz”, degan u muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida..


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Moskva Sergey Lavrov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing