Eron tahdidlardan qo‘rqmaydi – Ibrohim Aziziy
Olam
−
19:12 2150 1 daqiqa
Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Ibrohim Aziziy Tehron har qanday tashqi bosim va tahdidlarga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 23 fevral kuni IRNA’ga bergan intervyusida so‘z yuritdi.
Aziziyning aytishicha, Eron tahdidlardan qo‘rqmaydi va kerak bo‘lsa, har qanday zarbaga munosib javob qaytarishga tayyor. Uning ta’kidlashicha, agar AQSH o‘z tahdidlarini amalda qo‘llashga harakat qilsa, Eron qurolli kuchlari qat’iy va kuchli javob beradi. Siyosatchi Eron armiyasi so‘nggi yillardagi mojarolar, jumladan, Isroil bilan bog‘liq keskin vaziyatlardan tegishli saboq chiqarganini va harbiy jihatdan to‘liq tayyor holatda ekanini qayd etgan.
Aziziyning fikricha, tashqi bosim va tahdidlar orqali Tehronni yon berishga majbur qilib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, u AQSH bilan muzokaralar masalasiga ham to‘xtalgan. Aziziyning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSH o‘zining xalqaro maydondagi ishonchliligini saqlab qolishni istasa, muzokaralarni davom ettirishi lozim. U Eron delegatsiyasi muzokaralarda aniq strategiya va davlat siyosati doirasida harakat qilayotganini, qarorlar puxta o‘ylangan holda qabul qilinayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi 26 fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi.