Eron Suriyadagi kuchlarini AQSHdan himoya qilish uchun chora ko‘radi
Olam
−
04 aprel 2023
5702Eron hukumati Suriyadagi kuchlari va manfaatlarini AQSH harakatlaridan himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi. Bu haqda mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniyga tayanib, IRNA xabar berdi.
Amir Said Iravoniy BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashi raisiga maktub yo‘llab, Vashington Suriya resurslarini talon-toroj qilishi, mamlakat hududini bosib olishni davom etishi va ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlashi Suriya xalqining AQSH Qurolli Kuchlariga qarshilik ko‘rsatishining asosiy sabablari ekanini tan olishi kerakligini bildirgan.
“Eron xalqaro huquq asosida o‘z kuchlari, manfaatlari va inshootlarini Qo‘shma Shtatlar yoki boshqa davlatlarning har qanday tahdidi hamda noqonuniy harakatlaridan himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deyilgan Iravoniy maktubida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 martga o‘tar kechasi Qo‘shma Shtatlar Suriyadagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi nazorati ostidagi nishonlarga bir qator havo zarbalarini bergandi. Hujum oqibatida Suriya kuchlari tomonida jang qilayotgan kamida 11 shia jangchisi halok bo‘lgandi. AQSH operatsiyasi AQSHning Rumeylandagi bazasiga uchuvchisiz uchish qurilmasi tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida bir amerikalik pudratchi, yana besh amerikalik askar halok bo‘lgan va bir pudratchi yaralanganidan keyin amalga oshirilganini da’vo qilgandi.