Eron sun’iy intellektga ega yangi qanotli raketani taqdim etdi
Olam
−
25 iyul 2023
5231Eron harbiy-dengiz kuchlari va Qurolli kuchlarning elita bo‘linmasi dasturiy ta’minotda sun’iy intellektga asoslangan yangi qanotli raketani qabul qildi. Bu haqda bugun, 25 iyul kuni “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Abu Mahdi” raketasining uchish masofasi 1000 kilometrdan oshadi. Bu parvoz yo‘lini loyihalash va boshqarish tizimi bilan bog‘liq dasturiy ta’minotda sun’iy intellektdan foydalanadigan birinchi uzoq masofali qanotli raketa ekani da’vo qilinmoqda. Raketa tabiiy va sun’iy to‘siqlarni, shuningdek, radar va dushman mudofaa vositalarini yengib o‘tishga qodir. U past balandlikda ucha oladi, geografik sharoit va mudofaa tizimlariga qarab trayektoriya va parvoz balandligini o‘zgartira oladi.
Ma’lumot uchun, 6 iyun kuni Eron harbiylari yangi “Fattoh” gipertovushli ballistik raketasini namoyish qilgan. Raketaning masofasi 1,4 ming km, tezligi esa nishonga tegguncha 15 925 km/soat - 18 375 km/soatga yetadi.10 iyun kuni Eron Qurolli kuchlari mudofaa va moddiy-texnik ta’minot vaziri Muhammad Rizo Ashtianiy mamlakatdagi harbiy-sanoat majmuasi mahsuloti hijriy 1401 yilda (Grigoriy taqvimi bo‘yicha 2023 yil 20 martda tugallangan) 81 foizga oshganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Eron Mudofaa vazirligi 2000 km masofaga uchadigan yangi “Xaybar” ballistik raketasini taqdim etgandi. Ushbu raketa Xurramshahr turkumidagi eng so‘nggisi bo‘lib, og‘irligi 1,5 tonnagacha bo‘lgan jangovar kallakni olib yurishga qodir. Sinov paytida raketaning tezligi atmosferadan tashqarida 19600 km/soat va atmosferada 9800 km/soatga yetdi.
LiveBarchasi