Eron Rossiyaga ballistik raketalar uchun qurilmalar yuboradi

Olam

image

Eron yaqin kunlarda qisqa masofali ballistik raketalarni uchirish uchun mo‘ljallangan Fath-360 qurilmalarini Rossiyaga topshiradi. Bu haqda G‘arb maxfiy xizmatlaridagi manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, ushbu yetkazib berish Rossiyaning urushdagi hujum salohiyatini kuchaytiradi va Moskva hamda Tehron o‘rtasidagi tobora chuqurlashayotgan harbiy hamkorlikning navbatdagi isboti bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil sentyabr oyida Eron Rossiyaga to‘qqizta sanksiyaga uchragan Rossiya bayrog‘i ostidagi kemalar orqali raketalarni yetkazgan. Biroq o‘shanda Fath-360 uchirish qurilmalari yetkazilmagan. G‘arbiy razvedka idoralarining bir nechta vakillari hamda mintaqaviy amaldorlar “Reuters”ga bu qurilmalar topshirilishi muqarrar ekanini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan.

Harbiy tahlilchilarning fikricha, 120 kilometrgacha uchish masofasiga ega Fath-360 qurilmalari Rossiya kuchlariga Ukraina pozitsiyalari, chegaraga yaqin aholi punktlari va harbiy ob’ektlarga zarbalar berishda yangi imkoniyatlar ochadi. Ularning fikricha, bu Rossiyaga ancha qimmatga tushadigan va uzoq masofali Iskander raketalarini strategik ob’ektlar asrab qolish imkonini beradi.

Qayd etish joiz, Rossiya ham, Eron ham Ukrainaga qarshi tajovuzni qo‘llab-quvvatlash uchun Eron qurollari yetkazilganini inkor qilib kelmoqda. Biroq AQSH, Ukraina va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Tehron Moskvaga allaqachon minglab dronlar va artilleriya snaryadlarini yetkazganini da’vo qilmoqda. AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Kristofer Kavoli aprel oyida amerikalik qonunchilarga Erondan Rossiyaga 400 dan ortiq qisqa masofali ballistik raketa yetkazilganini bildirgan. Shu bilan birga, Reuters hozircha boshqa turdagi ballistik raketalar topshirilgani bo‘yicha ochiq manbalarda dalil yo‘qligini qayd etadi.

Eronning ushbu qadamidan AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va Rossiya bilan muzokaralarni boshlash borasidagi sa’y-harakatlari jiddiy zarar ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, bu holat Eronning yadroviy dasturini jilovlashga qaratilgan diplomatik muzokaralarga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Britaniyaning RUSI (Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti) katta ilmiy xodimi Jek Uotlingning bahosiga ko‘ra, Tehron Rossiyaga qurol yetkazib berishni yadroviy masalalardan alohida ko‘rib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Eron Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyotlari partiyasini sotib olgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron ballistik raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing