Eron Rossiyaga 400 ga yaqin ballistik raketalar berdi – “Reuters”
Olam
−
22 fevral
5507Eron Rossiyaga 400 ga yaqin “yer-yer” ballistik raketalarini topshirdi. Bu haqda anonim olti manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Agentlikning uch nafar suhbatdoshiga ko‘ra, ular orasida Fateh-110 oilasiga mansub qisqa masofali raketalar ham bor. Bu turdagi raketalar 300 dan 700 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga zarba bera oladi.
Nashrning qayd etishicha, yetkazib berish 2024 yil yanvar oyi avvalida boshlangan. Eron harbiy amaldorining anonim tarzda “Reuters” agentligiga aytishicha, o‘shandan beri Rossiya Federatsiyasiga kamida to‘rtta raketa partiyasi yetkazilgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kelgusi haftalarda raketalar ko‘proq etkazib berilishi kutilmoqda. Boshqa bir harbiy amaldor esa raketalar Kaspiy dengizi orqali va samolyotda Rossiyaga yetkazilayotganini ma’lum qilgan.
“Ko‘proq ta’minot bo‘ladi. Buni yashirish uchun hech qanday sabab yo‘q. Biz xohlagan davlatga qurol eksport qilishimiz mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan u.
“Reuters”ning bildirishicha, 2023 yil oktyabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashining Eronning ba’zi raketalar, uchuvchisiz samolyotlar va boshqa texnologiyalar eksportiga cheklov kiritgan rezolyutsiyasi muddati tugagan.
2022 yil kuzidan beri Rossiya harbiylari Ukrainaga zarba berishda Eronda ishlab chiqarilgan kamikadze dronlardan faol foydalanmoqda. O‘sha yilning oktyabr oyida “The Washington Post” gazetasi Eron Rossiyani ballistik raketalar bilan ta’minlay boshlashi mumkinligini yozgan edi.
2023 yil bahorida “Financial Times” gazetasi Rossiya Erondan ballistik raketalarni sotib olishdan bosh tortayotgani, chunki Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga uzoq masofaga mo‘ljallangan ATACMS raketalarini yetkazib bera boshlaydi, degan xavotir sabab bo‘lganini yozgan. 2023 yil oktyabr oyi o‘rtalarida Ukraina Qurolli kuchlari birinchi marta Rossiya qo‘shinlariga qarshi ATACMS raketalarini qo‘llagan.
LiveBarchasi