Eron MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatish bilan tahdid qildi
Olam
−
21 Sentabr 2025 4458 2 daqiqa
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kecha, 20 sentyabr kuni bayonot berib, mamlakatning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorligi to‘xtatilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Bayonotda qayd etilishicha, “Yevropa uchligi” – Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyaning harakatlari Tehronning agentlik bilan hamkorlik yo‘lini amalda uzib qo‘yadi.
“Eron Tashqi ishlar vazirligi MAGATE bilan hamkorlik qilib, masala yechimi uchun rejalar taqdim etganiga qaramay, yevropaliklarning qadamlari jarayonni amalda to‘xtatib qo‘ymoqda”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vazirligiga milliy manfaatlarni himoya qilish maqsadida Milliy xavfsizlik oliy kengashi qarorlari asosida maslahatlarni davom ettirish topshirilgan.
19 sentyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi 2231-rezolyutsiyaga muvofiq Eronga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni doimiy ravishda bekor qilishni rad etdi. Ovoz berishda to‘rt davlat qarshi chiqdi, to‘qqiz davlat esa qo‘llab-quvvatladi. Shuning uchun 28 sentyabrga qadar kelishuvga erishilmasa, cheklov choralari qayta tiklanishi mumkin.
Janubiy Koreya taqdim etgan rezolyutsiya yetarli qo‘llovga ega bo‘lmadi. Faqat to‘rt davlat: Xitoy, Rossiya, Pokiston va Jazoir tarafdor bo‘ldi. AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa bir qator davlatlar esa qarshi chiqdi.
Avgust oyida “Yevropa uchligi” davlatlari “snapbek” mexanizmni ishga tushirdi, u 30 kun ichida BMT sanksiyalarini bosqichma-bosqich tiklashni ko‘zda tutadi. Yevropa tomoni Tehron uranni boyitish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotganini asos qilib ko‘rsatdi.
Ayni paytda muzokaralar olib borilmoqda, ammo hozircha ular samara bermagan. Shu bois, sanksiyalarning qayta joriy etilishi 28 sentyabr kechasi kutilayotgani aytilmoqda.
Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuv tarixi
2015 yilda Eron Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va Rossiya bilan kelishuv imzolagandi. Unga ko‘ra, Eron yadroviy dasturini cheklab, evaziga sanksiyalar olib tashlanishi kerak edi. Biroq 2018 yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSH kelishuvdan chiqib, Eronga yangi jazo choralarini joriy etdi.
Shundan keyin Tehron majburiyatlarni asta-sekin bajarmaslikka o‘tib, uran boyitishni qayta yo‘lga qo‘ydi. AQSHning baholashicha, Eron kelishuvda belgilangan normani to‘rt baravarga oshirgan. Ammo Tehron uran yadroviy qurol yaratish uchun emas, tinch maqsadlarda boyitilayotganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining Yadro qo‘mitasi Qohirada Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va agentlik bosh direktori Rafael Grossi tomonidan imzolangan MAGATE bilan hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvni ma’qullagandi.
Live
Barchasi