BMT Xavfsizlik Kengashi Eron ustidan sanksiyalarni tiklashga qaror qildi

Olam

image

BMT Xavfsizlik Kengashi 2015 yilda imzolangan yadro quroli bo‘yicha kelishuvidan so‘ng Eronga nisbatan to‘xtatilgan sanksiyalarni qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Eronga ushbu davlat hech qachon yadro qurolini yaratishga, sotib olishga yoki ishlab chiqishga intilmasligini kafolatlovchi muhim kelishuvni buzish ayblovini qo‘ygan. Ularni AQSH va yana olti davlat qo‘llab-quvvatlagan. Xitoy, Pokiston va Rossiya esa sanksiyalarni to‘xtatib turishni uzaytirish tarafdori bo‘lgan.

Shu tariqa, agar Eron va Yevropa yetakchilari joriy yilning 26 sentyabrigacha kelishuvga erisha olmasa, sanksiyalar yana kuchga kiradi.

“Eron Islom Respublikasi bu harakatni xalqaro huquqning ochiq-oydin buzilishi va davom etayotgan diplomatik say-harakatlarga jiddiy zarba sifatida ko‘radi. Ushbu qadam oqibatlari uchun to‘liq mas’uliyat Qo‘shma Shtatlar va uch Yevropa mamlakati zimmasidadir”, deyiladi Eron Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

Xitoy va Rossiya esa BMTning Eronga qarshi sanksiyalarni “qayta tiklashini” noqonuniy deb hisoblashini, ularni bajarishdan bosh tortishini va Eron bilan odatdagidek aloqalarni davom ettirishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron, Rossiya, Xitoy, Venesuela, Nikaragua va Belarus “MAGATE kafolatlari ostida bo‘lgan yadro ob’ektlari va inshootlariga hujumning barcha shakllarini taqiqlash to‘g‘risida”gi rezolyutsiya loyihasini taqdim etgandi. Hujjat doirasida barcha davlatlar boshqa mamlakatlardagi tinch yadro ob’ektlariga hujum qilish yoki hujum bilan tahdid qilishdan tiyilishi kerak. Bundan tashqari, barcha mamlakatlarda “tinch maqsadlarda atom energetikasini rivojlantirishning ajralmas huquqi” va “har qanday hujumga qarshi samarali kafolatlarga ega bo‘lish huquqi” mavjud.

Qayd etish joiz, Tehron va MAGATE o‘rtasidagi hamkorlik joriy yilning iyun oyida Isroil va Qo‘shma Shtatlar Eronning Fordo, Natanz va Isfaxondagi yadroviy maydonlariga hujum qilgan 12 kunlik urushdan keyin to‘xtatilgan edi. Eron hukumati yadroviy inshootlarga qilingan hujumlarda harakat qilmayotgani uchun tanqid qilinganidan so‘ng, joriy yilning 2 iyul kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon buyrug‘i bilan MAGATE inspektorlari mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Joriy yilning 14 sentyabr kuni esa Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining Yadro qo‘mitasi Qohirada mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi tomonidan imzolangan agentlik bilan hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron sanktsiya Xavfsizlik Kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing