Eron Xitoydan katta miqdorda havo mudofaa majmualarini sotib oladi – OAV
Olam
−
09:17 4731 2 daqiqa
Eron AQSH bilan urushdan keyin havo mudofaa tizimini qayta tiklash maqsadida yaqin haftalar ichida Xitoyda ishlab chiqarilgan yelkada olib yuriladigan havo hujumidan mudofaa majmualarining ilk partiyasini qabul qilishi kutilmoqda. Bu haqda “Reuters” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, qiymati 60–70 million dollarga baholanayotgan shartnoma 300–400 dona MANPADS turidagi havo mudofaa majmualarini, jumladan QW-12 va FN-16 rusumlarini xarid qilishni nazarda tutadi. Bu Tehronning AQSH va Isroil bilan urush boshlanganidan beri qisqa masofali havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirgan eng yirik tashabbuslaridan biri hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, shartnoma Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan Zhongqing Baoshang International Investment kompaniyasi orqali tuzilgan bo‘lib, u Eron tomoni bilan xitoylik yetkazib beruvchi o‘rtasida vositachi sifatida qatnashgan.
Agentlik suhbatlashgan manbalarning aytishicha, AQSH va Isroilning raketa, dron va havo mudofaasi dasturlari bilan bog‘liq ob’ektlarga bergan zarbalari Eronning harbiy infratuzilmani himoya qilishdagi kamchiliklarini ochib bergan. Shu bois mamlakat qurollanishni qayta tiklashga harakat qilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi bu xabar yuzasidan izoh bermagan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa ma’lumotlarni rad etib, “tegishli xabarlar mutlaqo asossiz” ekanini bildirgan hamda Pekin mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Manbalarning qayd etishicha, shartnoma imzolangan bo‘lsa-da, yetkazib berish muddati, aniq miqdori va boshqa texnik jihatlar hali o‘zgarishi mumkin. Dastlabki rejaga ko‘ra, qurollar Xitoyning Urumchi shahridan jo‘natiladi va Pokiston orqali Eronga yetkaziladi. Biroq tashish havo yoki quruqlik orqali amalga oshirilishiga aniqlik kiritilmagan.
Pokiston armiyasining jamoatchilik bilan aloqalar xizmati (ISPR) mamlakat Xitoydan Eronga havo mudofaa qurollarini yetkazib berishda ishtirok etayotgani haqidagi ma’lumotlarni “butunlay to‘qima va yolg‘on” deb atagan.
Harbiy tahlilchilarning fikricha, MANPADS turidagi tizimlar kichik guruhlar tomonidan tez joylashtirilishi va oson ko‘chirilishi mumkinligi sababli statsionar havo mudofaa batareyalariga nisbatan aniq nishonli hujumlarga kamroq moyil bo‘ladi.
“Reuters” manbalariga ko‘ra, Eron QW-12, QW-18 va QW-19 turidagi majmualarni sotib olish imkoniyatlarini ham o‘rgangan. Shuningdek, Tehron Xitoy harbiy mahsulotlari va ikki xil maqsadda foydalanilishi mumkin bo‘lgan butlovchi qismlarni yetkazish uchun quruqlik yo‘nalishlaridan foydalanish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan mojaroning keyingi rivoji bo‘yicha 3 ta variantni muhokama qilayotgani xabar berilgandi.
Live
Barchasi