Tramp Eron urushining keyingi bosqichi bo‘yicha uchta variantni ko‘rib chiqmoqda

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan mojaroning keyingi rivoji bo‘yicha 3 ta variantni muhokama qilmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Oq uyda quyidagi 3 ta variant muhokama qilinyapti:

  • Eronga qarshi harbiy harakatlarni yanada kuchaytirish;
  • Tehronga nisbatan yangi iqtisodiy sanksiyalar joriy etish orqali bosimni oshirish;
  • AQSH urushdagi maqsadlariga erishganini e’lon qilib, mojarodan chiqish.

Qayd etilishicha, ushbu masalalar so‘nggi haftalarda Tramp ishtirokida o‘tgan yopiq yig‘ilishlarda muhokama qilingan. Uchrashuvlarda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Mudofaa vaziri Pit Hegset, Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn, Trampning kuyovi Jared Kushner hamda prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff qatnashgan.

Ma’lum qilinishicha, mojaro besh oydan beri davom etayotganiga qaramay, AQSH o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlarga erisha olmagan. Xususan, Vashington “ustun harbiy kuch” yordamida Erondagi siyosiy hokimiyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va Eron o‘rtasidagi navbatdagi keskinlik joriy yilning 8 iyul kuni AQSHning Eron hududiga bergan zarbalari ortidan boshlangan. Vashington bu hujumlarni Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemasiga uyushtirilgan hujumga javob sifatida izohlagan.

O‘sha kuni Donald Tramp Eron bilan amal qilib kelgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi yakunlanganini e’lon qilgan. Shundan so‘ng Tehron Bahrayn, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Iordaniyadagi AQSH harbiy ob’ektlariga zarbalar bergan.

Joriy yilning 24 iyul kuni tomonlar o‘zaro zarbalarni to‘xtatgan. Biroq “The New York Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy hozircha mojaroni qanday yo‘l bilan davom ettirish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan va uchala ssenariy ham amalda ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga yangi miqyosda zarbalar berishni keyinga surgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing