Eron Isroilni bombardimon qildi (video)
Olam
−
08:49 13868 2 daqiqa
Kecha, 7 iyun kuni Eron Isroilning shimoliy hududlariga bir necha to‘lqinda raketa hujumlarini amalga oshirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Isroil Mudofaa armiyasining (SAHAL) ma’lum qilishicha, Eron tomonidan uchirilgan barcha raketalar havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.
“Havo hujumidan mudofaa tizimi hozirda tahdidlarni aniqlash va ularni bartaraf etish ustida ishlamoqda”, deyiladi SAHAL bayonotida.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa Isroil yanada kuchli zarbalarga duch kelishini ma’lum qildi.
“Bu operatsiya bir martalik harakat emas, balki uzluksiz davom etadigan bir haftalik hujumlar boshlanishidir. Keyingi yetti kun davomida dushman to‘xtatilmaguncha va o‘z harakatlarini yakunlamaguncha raketa va dronlar to‘lqini kecha-kunduz davom etadi”, deyiladi korpus bayonotida.
Eron rasmiylari Isroil Bayrut janubidagi nishonlarga zarba berish orqali “barcha qizil chiziqlardan o‘tganini” ta’kidlagan. Avvalroq, Isroil Livan poytaxti janubida joylashgan “Hizbulloh” ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qilgan edi.
Raketa hujumlaridan so‘ng Isroil armiyasi Bosh shtabi rahbariyati dushmanga qarshi qat’iy javob qaytarilishini bildirgan. Armiya vakillari Eron “jiddiy xato qilganini” ta’kidlagan.
Ayni paytda AQSH Prezidenti Donald Tramp “Axios” nashriga bergan intervyusida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahudan javob hujumlarini to‘xtatishni so‘rash niyati borligini aytgan. Uning fikricha, bu ehtimoliy AQSH–Eron kelishuvini saqlab qolish uchun muhim hisoblanadi.
Keyinroq “Financial Times” bilan telefon orqali suhbatda Tramp Netanyahu AQSH Eron bilan erishadigan har qanday kelishuvni qabul qilishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytgan.
“Uning boshqa tanlovi bo‘lmaydi. Qarorlarni men qabul qilaman. Barcha qarorlarni men qabul qilaman. Netanyahu qaror qabul qilmaydi”, degan Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Eronning so‘nggi hujumlari ehtimoliy kelishuvga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.
“Fox News” ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Eronga ham murojaat qilib, “Yetarli. Muzokaralar stoliga qayting”, degan. Shuningdek, u Isroilning Bayrutga bergan zarbalaridan noroziligini ham bildirgan.
Keyinroq Isroil Mudofaa armiyasi Eronning raketa hujumlaridan so‘ng javob zarbasini amalga oshirganini ma’lum qildi.
“Biroz avval Isroil harbiy-havo kuchlari Eronning g‘arbiy va markaziy hududlarida joylashgan harbiy nishonlarga zarba berdi”, deyiladi SAHAL bayonotida.
Armiya vakillari operatsiya tafsilotlari keyinroq ma’lum qilinishi aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistlar bilan o‘tgan matbuot anjumanida AQSH yaqin orada Eron bilan urushni yakunlashini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi