Eron Isroilga zarba berdi. Hozirgacha nimalar ma’lum?
Olam
−
14 aprel
24046Eron bugun, 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga yuzdan ortiq uchuvchisiz dron va o‘nlab raketalarni uchirdi. Bu haqda manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.
Dastlab, dron hujumi haqida xabar berilgan edi (ularga Erondan Isroilga uchish uchun bir necha soat kerak bo‘ladi), keyin Eron qanotli raketalarni uchirgani ma’lum bo‘ldi (ular uchish uchun bir yarim-ikki soat vaqt ketadi). AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edrien Uotsonning aytishicha, Vashington hujum "bir necha soat davom etishini" taxmin qilgan.
Eron davlat matbuoti hujumni deyarli darhol tasdiqladi.
“Sionist rejimning Eronning Damashqdagi elchixonasining konsullik bo‘limiga hujum qilgan jinoyatiga javoban, Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi havo kuchlari o‘nlab uchuvchisiz uchoqlar va raketalar bilan sionistik rejim hududlaridagi aniq nishonlarga zarba berdi”, deyiladi davlat televideniyesi bayonotida.
IRNA axborot agentligi manbasiga tayanib, dron va qanotli raketalardan tashqari ballistik raketalar ham uchirilganini xabar qildi, biroq bu ma’lumot boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmadi.
SAXAL matbuot kotibi Daniel Hagarining aytishicha, Eron Isroilga uchuvchisiz samolyotlar, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum qilgan. Unga ko‘ra, 200 dan ortiq raketa va dron uchirilgan.
AQSH kuchlari tomonidan Isroil chegaralaridan tashqarida o‘nlab uchuvchisiz samolyotlar ushlangan. Bundan tashqari, mahalliy OAV manbalariga ko‘ra, dronlar Iordaniya havo kuchlari samolyotlari tomonidan ham tutib olingan. Shu bilan birga, uchuvchisiz samolyotlarning bir qismi oxir-oqibat Isroilga uchib ketgan va bu havo hujumi sirenalarini ishga tushirilishiga olib kelgan. Quddus, shimoliy va janubiy Isroil, Negev, Shomron va O‘lik dengizda havo hujumi sirenalari yangradi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hujumdan so‘ng darhol xalqqa murojaat qildi. Uning ta’kidlashicha, Isroil uzoq yillardan buyon Erondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumga tayyorgarlik ko‘rgan va hozirda barcha mudofaa tizimlari joylashtirilgan va hukumat "har qanday ssenariyga, ham mudofaa, ham hujumga tayyor".
CNN xabariga ko‘ra, urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlardan hosil bo‘lgan osmondagi chaqnashlar Isroil shimolidagi Hayfa hududida, janubdagi Beyersheba hududida, shuningdek, bosib olingan Golan tepaliklari va Isroil nazoratidagi G‘arbiy Sohilda kuzatilgan.
Anonim Isroil rasmiysining matbuotga aytishicha, Eron tomonidan uchirilgan raketa va uchuvchisiz samolyotlarning jami 99 foizi tutib olingan.
“Biroq, Eron Isroilga o‘z hududidan birinchi marta hujum qilayotgani javobni talab qiladi va bu tez orada amalga oshadi”, degan rasmiy.
Isroil armiyasi raketa va dronlarning aksariyati urib tushirilganini aytayotgan bir paytda, Tehron ular Isroil nishonlarini "muvaffaqiyatli yo‘q qilganliklarini" ta’kidlamoqda. Isroil mamlakat janubidagi harbiy bazaga yengil zarar yetganini xabar qildi. O‘nlab odamlar tibbiy yordamga murojaat qilgan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden dam olish kunlarini qisqartirdi va Oq uyga qaytib kelib, u yerda milliy xavfsizlik guruhi bilan uchrashdi. Bayden Qo‘shma Shtatlarning "Isroil xavfsizligini Eron va uning ishonchli vakillaridan kelayotgan tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha qat’iy majburiyatini" e’lon qildi.
Baydenning aytishicha, AQSH harbiylari o‘tgan hafta Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaga ballistik raketalarni tutib olishga qodir samolyot va kemalarni joylashtirgan. Buning sharofati bilan Qo‘shma Shtatlar Isroilga deyarli barcha dron va raketalarini urib tushirishda yordam bera oldi.
Bayden bugun, 14 aprel kuni Eronning “qo‘pol hujumi”ga qo‘shma diplomatik javob choralarini muvofiqlashtirish uchun “Katta yettilik” yetakchilari uchrashuvini o‘tkazishga va’da berdi.
“Mening jamoam butun mintaqadagi hamkasblarim bilan muloqot qiladi. Va biz Isroil rahbarlari bilan yaqin aloqada bo‘lib qolamiz. Bugun bizning kuchlarimiz yoki inshootlarimizga hujum qilinmagan bo‘lsada, biz barcha tahdidlarga qarshi hushyor bo‘lib qolamiz va xalqimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishdan tortinmaymiz”, deyiladi AQSH Prezidenti bayonotida.
Xalqaro ommaviy axborot vositalari mintaqada keskinlashuv to‘lqini haqida xabar berdi. AFP xabariga ko‘ra, “Hizbulloh” guruhi Isroil nazorati ostidagi Golan tepaliklaridagi Isroil kazarmalariga o‘nlab raketalar otganini ma’lum qilgan. Yaman husiylari ham Eron bilan kelishilgan holda Isroilga bir nechta uchuvchisiz uchoqlarni uchirgan.
“Reuters” agentligining xabar berishicha, Iordaniya hukumati ularning havo hujumidan mudofaa kuchlari mamlakat osmonida Eronning barcha dronlari va boshqa havo hujumi qurollarini tutib, urib tushiradi.
Eronning BMTdagi missiyasi bayonoti
Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Isroilga berilgan zarba Isroilning Suriyadagi Eron elchixonasiga hujumiga javoban “qonuniy mudofaa” sifatida amalga oshirilganini aytdi.
“Eronning BMT Nizomining qonuniy mudofaa huquqiga oid 51-moddasi asosida amalga oshirgan harbiy harakati sionistik rejimning Damashqdagi diplomatik binolarimizga qarshi tajovuziga javob bo‘ldi. Muammoni hal qilingan deb hisoblash mumkin. Biroq Isroil rejimi yana xatoga yo‘l qo‘ysa, Eronning javobi ancha qattiqroq bo‘ladi. Bu Eron va jinoyatchi Isroil rejimi o‘rtasidagi ziddiyatdir, Qo‘shma Shtatlar undan uzoqlashishi kerak”, deyiladi Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi bayonotida.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Eronning Isroilga hujumi munosabati bilan bugun,14 aprel kuni shoshilinch yig‘ilish o‘tkazadi.
So‘nggi bir necha kundan beri Eronning Isroil hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumi kutilayotgan edi. Tehron Isroilning Damashqdagi Eron diplomatik missiyasiga uyushtirgan hujumiga javoban Isroilga zarba berish bilan tahdid qilayotgandi. Shu bilan birga, Vashingtondagi manbalarning xabar berishicha, norasmiy kanallar orqali Tehron jiddiy keskinlashuvga moyil emasligini va zarba “cheklangan” bo‘lishini aniq bildirgan.
LiveBarchasi