Eron Isroil bilan urushga tayyor – Pezeshkiyon

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakati Isroil bilan yangi urushga tayyor ekanini e’lon qildi. Bu haqda u “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Pezeshkiyon 12 kunlik to‘qnashuvdan so‘ng e’lon qilingan sulhga ortiq ishonmasligini bildirgan.

“Eron Qurolli kuchlari Isroil hududining ichkarisigacha zarba bera oladi”, degan mamlakat Prezidenti. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tomonidan yadro ob’ektlariga uyushtirilgan zarbalarga qaramasdan, uranni boyitish dasturi davom ettiriladi, bu jarayon esa xalqaro huquq doirasida olib boriladi.

“Bizning texnologiyalarimiz binolarda emas, olimlarimizning ongidadir”, deya ta’kidlagan Pezeshkiyon. 

Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Trampning “Eron yadro dasturi yo‘q qilindi”, degan da’volarini rad etgan hamda Eron muzokaralarga ochiqligini, ammo “tahdid va bosim”ni hech qachon qabul qilmasligini aytgan. 

Pezeshkiyon 15 iyun kuni o‘ziga qilingan suiqasdga ham to‘xtalib, bu hujum Isroilning Eron siyosiy rahbariyatini izdan chiqarish rejasi doirasida amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Shuningdek, Qatardagi AQSH harbiy bazasiga berilgan raketa zarbasi haqida ham gapirib, bu zarba Qatarga qarshi emasligi, bu borada u Qatar amiri Tamim bin Hamadga shaxsan tushuntirish berganini ma’lum qilgan. 

Eron vakillari ertaga, 25 iyul kuni Istanbulda Angliya, Fransiya va Germaniya diplomatlari bilan uchrashib, Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.  Bu uchrashuv Eron va Isroil o‘rtasida o‘tgan oy 12 kunlik qarama-qarshilik bo‘lib, AQSH Tehronning yadroviy ob’ektlariga hujum qilganidan beri birinchi uchrashuvdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham AQSHning Eron yadro inshootlariga zarba berishiga qaramay, Tehron uranni boyitishdan voz kechmasligi haqida gapirgandi. TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “zarar jiddiy va og‘ir” bo‘lgani uchun boyitish to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing