Eron gipertovushli ballistik raketa yaratdi
Olam
−
10 noyabr 2022
8608Eron Islom Respublikasi gipertovushli ballistik raketa yaratgan. Endilikda bu Eronning raketa salohiyati borasidagi xavotirlarni kuchaytirishi mumkin. Bu haqda mamlakatdagi rasmiy nashrlarga tayanib, “Reuters” agentligi yozmoqda.
Eron Inqilob gvardiyasining aerokosmik qo‘mondoni Amir Ali Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, Eron yaratgan qurol raketalar sohasida katta sakrashni amalga oshirgan.
“Ushbu raketa yuqori tezlikka ega va atmosfera ichida va undan tashqarida ham manyovr qila oladi. U dushmanning ilg‘or raketaga qarshi tizimlarini nishonga oladi. Bu raketalar sohasida katta sakrashdir”, degan qo‘mondon.
Gipertovushli raketalar tovush tezligidan kamida besh baravar yuqori tezlikda harakatlana oladi va murakkab trayektoriyalar bo‘ylab yo‘nalish olish mumkin. Bu esa ularni urib tushirishni qiyinlashtiradi.
Biroq, “Reuters”ning ma’lum qilishicha, Eronning bunday raketani sinovdan o‘tkazgani haqida xabarlar olinmagan. Islom Respublikasi xalqaro sanksiyalar va embargolar qarshisida yirik mahalliy harbiy sanoatni barpo etgan bo‘lsa-da, G‘arb harbiy tahlilchilari Eron o‘zining qurol-yarog‘ imkoniyatlarini ba’zan bo‘rttirib ko‘rsatishini aytadi.
2018 yil AQSHda Donald Tramp prezidentligi davrida Eron 2015 yilda Jahonning qudratli davlatlari bilan imzolagan yadroviy bitimdan chiqdi. Bu esa Eron raketalariga bog‘liq bo‘lgan xavotirlarni kuchaytirdi.
O‘tgan hafta Eron 80 kg (180 funt) og‘irlikdagi sun’iy yo‘ldoshlarni yer yuzasidan 500 km (300 milya) uzoqlikka joylashtira oladigan o‘zining birinchi uch bosqichli kosmik raketasi “Ghaem 100” ni sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi.
Qo‘shma Shtatlar bu kabi harakatlarni tartibsizlikalarni keltirib chiqarishga urinish deb baholadi. Chunki kosmik raketalar yadroviy kallakni tashish uchun ishlatilishi mumkin.
AQSH Eronni yadroviy qurol yaratishda ayblab, sanksiyalar bilan "ko‘mib" tashlagan. Eron esa yadroviy qurol yaratish istagi haqidagi iddaolarni rad etib keladi