Eron Fors ko‘rfazidagi barcha dengiz yo‘llarini minalash bilan tahdid qildi

Olam

image

Tehron AQSHning mamlakat sohillarida yoki orollarida quruqlikdagi operatsiyasi boshlangan taqdirda Fors ko‘rfazidagi barcha dengiz yo‘llarini minalab tashlaydi. Bu haqda Eron Mudofaa kengashi bayonotiga tayanib, “Fars” xabar berdi. https://t.me/farsna/423005

“Dushmanning Eron sohillari yoki orollariga hujum qilishga bo‘lgan har qanday urinishi, odatdagi harbiy amaliyotga muvofiq, Fors ko‘rfazi va sohildagi barcha o‘tish joylari hamda transport liniyalarining turli xil dengiz minalari, jumladan, suzuvchi minalar bilan minalanishiga olib keladi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, neytral davlatlar uchun Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishning yagona yo‘li tranzitni Tehron bilan kelishishdir. Eron Mudofaa kengashi, shuningdek, “har qanday tajovuzga qat’iy va vayronkor javob berishga sodiqligini” ma’lum qilgan. 

Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan so‘ng, dunyoning asosiy neft arteriyalaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati deyarli to‘xtab qoldi. Ushbu dengiz yo‘li orqali jahon neftining 20 foizigacha va suyultirilgan tabiiy gazning (STG) 30 foizdan ortig‘i o‘tadi. Ba’zi kemalar bo‘g‘ozdan o‘tishga uringanda Eron harbiylari tomonidan hujumga uchragan. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 21 mart kuni Eronga ultimatum qo‘yib, agar Tehron 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa, mamlakat elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgandi. Trampning tahdidiga izoh berar ekan, Tehron Isroilning barcha energetika quvvatlari Eron nishonida ekanligini va ularni “bir kun ichida yo‘q qilib tashlashi” mumkinligini aytdi.  

Bundan tashqari, “The Wall Street Journal” nashrining xabariga ko‘ra, Vashington dengiz yo‘li orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlash maqsadida Eronning janubiy sohilidagi bir yoki bir nechta orollarni egallash uchun dengiz piyodalaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. AQSH, shuningdek, Yaqin Sharqqa minglab dengiz piyodalari bo‘lgan oltita desant kemasini yuborgan. 

Eron esa bu vaqtda Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratning yangi usulini joriy qilib, ba’zi kemalardan 2 million dollar miqdorida to‘lov undirishni boshladi. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, bu chora allaqachon amalga oshirilgan va bo‘g‘ozdagi “yangi suveren rejim”ni ifodalaydi. “The Washington Post” yozishicha, Eron AQSH va Isroil bilan urushda talofatlarga qaramay, taslim bo‘lishdan va diplomatik yechimdan bosh tortmoqda va Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilish orqali bosimni kuchaytirishga umid qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Fors ko'rfazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing