Eron bilan bir haftalik urush AQSHga qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Eronga qarshi harbiy kampaniyaning birinchi haftasi AQSH uchun taxminan 6 milliard dollarga tushdi. Bu haqda AQSH rasmiylari Kongressga taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Shu bilan birga, Respublikachilar partiyasi vakillari Prezident Donald Tramp ma’muriyati urush uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rashini kutmoqda. 

“Eron rasmiylari amaldagi rejim bir qator zarbalardan omon qolishiga, AQSH va Isroil esa yakunda harbiy harakatlarni davom ettirishga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotishiga ishonchi komil”, deb yozadi NYT. 

Eronlik mulozimlar jurnalistlarga Islom Respublikasi urushni raqib uchun haddan tashqari qimmatga tushirish strategiyasini tanlaganini aytgan. Ushbu strategiya shartli ravishda “Telba” (Madman) operatsiyasi deb nomlangan.

Amerikalik qo‘mondonlarning fikricha, yaqin bir necha kun Eron bundan keyin ham sezilarli darajada javob raketa zarbalarini bera olishini belgilab beruvchi hal qiluvchi palla bo‘ladi.

“Bu poyga”, deydi AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) sobiq rahbari, general Kennet Makkenzi.

NYT yozishicha, Tehronga berilgan va Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiyning o‘limiga sabab bo‘lgan zarba urushning birinchi haftasidagi chigal voqelik ramziga aylangan. 

“Bir tomondan, AQSH va Isroil mag‘lub etilgan raqibga qarshi tinkani qurituvchi havo kampaniyasini olib bormoqda. Ikkinchi tomondan, g‘alaba qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqidagi savollarga javoblar kam. Eron qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda va harbiy harakatlarni butun mintaqaga yoydi”, deb urg‘ulanadi maqolada.

Esdatib o‘tamiz, AQSH va Isroil joriy yil 28 fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlagan edi. Avvalroq, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari AQSHning Eronga qarshi “Epik g‘azab” harbiy operatsiyasining dastlabki 100 soati taxminan 3,72 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing