Eron armiya ishtirokida Isroilga kuchli hujum tayyorlamoqda – WSJ 

Olam

image

Eron Isroilga qarshi “kuchli va murakkab” hujumni rejalashtirmoqda, bu hujumda nafaqat raketa va dronlardan, balki oddiy armiya askarlaridan ham foydalaniladi. Bu haqda kecha, 3 noyabr kuni Eron va arab davlatlari rasmiylariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Nashrning eronlik suhbatdoshiga ko‘ra, Isroilga yangi hujum AQSHda 5 noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlaridan so‘ng, biroq 2025 yil yanvarida yangi Prezident inauguratsiyasi oldidan amalga oshiriladi. Rasmiyning ta’kidlashicha, Tehron Isroilga, jumladan Iroq hududi orqali ham hujum qilishi, shuningdek, Isroil harbiy ob’ektlariga “o‘tgan safargidan ham agressivroq” zarba berishi mumkin.

“Eron hujumda nafaqat Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini, balki oddiy armiya askarlarini ham qo‘llash niyatida, biroq bu hududda qo‘shinlarni to‘liq joylashtirish haqida emas, balki IIQKni qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda”, deya aniqlik kiritmoqda WSJ suhbatdoshlari.

Eron rasmiylariga ko‘ra, oktyabr oyi oxirida isroilliklarning hujumi oqibatida to‘rt eronlik askar halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 26 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari Eron hududiga bir qator havo hujumlarini uyushtirdi. Isroil harbiylarining aytishicha, portlashlar Tehron va uning ittifoqchilarining so‘nggi oylardagi ko‘plab hujumlariga javob bo‘lgan. SAXAL operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangani haqida xabar berdi, uning davomida raketa ishlab chiqarish zavodlari, raketa tizimlari va boshqa harbiy inshootlarga “aniq zarbalar” berildi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati so‘nggi kunlarda Eronni Isroilga yangi hujum qilishdan ogohlantirdi va bu Isroil tomonining javob qaytarishiga to‘sqinlik qila olmasligini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28 oktyabr kuni Milliy xavfsizlik oliy kengashiga Isroilga qarshi javob zarbasi rejasini tayyorlashni buyurgandi. Eronning yagona palatali parlamenti – Majlisning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Sardor Kosari parlament Isroilga harbiy javob qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytdi. Voqealar fonida AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Yaqin Sharq mintaqasiga qo‘shimcha raketalarga qarshi mudofaa esminetslari, qiruvchi otryadlar va tanker samolyotlari, shuningdek, AQSH Harbiy-havo kuchlarining bir nechta uzoq masofali zarba beruvchi B-52 bombardimonchi samolyotlarini yuborishni buyurdi. Eron oliy rahbari esa Isroilga ham, AQSHga ham qaqshatqich javob qaytarishga va’da berdi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Tehron o‘z mamlakatiga qarshi har qanday hujumga javob beradi, biroq Isroil mintaqadagi tajovuzini to‘xtatib, sulhga rozi bo‘lsa, bu javobning tabiati va ko‘lami o‘zgarishi mumkin ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing