Eron AQSHning Quvayt va Bahrayndagi bazalariga zarba berdi

Olam

image

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning Quvayt va Bahrayndagi harbiy bazalariga raketa va dronlar yordamida zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda “Tasnim” axborot agentligi xabar berdi.

Korpus bayonotiga ko‘ra, hujumlardan biri AQSH Harbiy-dengiz kuchlari Beshinchi floti shtabiga qaratilgan. Zarbalar Qeshm orolining janubidagi neft tankeriga va korpusning telekommunikatsiya minorasiga uyushtirilgan hujumlarga javob sifatida amalga oshirilgani aytilgan.

“Avval ham ogohlantirgan edik: agar hujum takrorlansa, javob yanada og‘irroq bo‘ladi. Aynan shunday qildik. Bu javoblar saboq bo‘lishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, AQSH Markaziy qo‘mondonligi matbuot xizmati Eronning barcha hujumlari muvaffaqiyatsiz yakunlanganini bildirgan.

“AQSH Qurolli kuchlari hushyorlikni saqlab qolmoqda va Eronning asossiz tajovuzidan himoyalanishga tayyor”, deyiladi AQSH bayonotida.

1 iyun kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eronning Goruk hududi va Qeshm orolida joylashgan radarlar hamda dronlarni boshqarish punktlariga “o‘zini himoya qilish maqsadida” zarba berganini ma’lum qilgan edi.

Qo‘mondonlikka ko‘ra, AQSH qiruvchi samolyotlari mintaqaviy suvlardagi kemalarga tahdid solayotgan Eron havo mudofaasi vositalari, yerusti boshqaruv punkti va ikkita hujumkor dronni yo‘q qilgan.

Qayd etish joiz, AQSH va Eron o‘rtasida aprel oyi boshida e’lon qilingan sulh rejimi amalda qolmoqda. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp uni alohida farmoyishga qadar noma’lum muddatga uzaytirgan.

Biroq sulhga qaramay, may oyi boshida tomonlar Hormuz bo‘g‘ozida o‘zaro zarbalar almashgan. O‘shanda AQSH Bandar-Abbos porti va Qeshm orolidagi ob’ektlarga hujum qilgan, Eron esa USS Truxtun, USS Rafael Peralta va USS Mason esminetslariga zarba berganini ma’lum qilgan. AQSH tomoni kemalar zarar ko‘rmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Eronning neft portiga yo‘l olgan neft tankerini Hellfire raketasi bilan urib, harakatsiz holatga keltirgandi. AQSH tomoni “blokada choralari” Botsvana bayrog‘i ostida suzayotgan M/T Lexi tankeriga nisbatan qo‘llanganini bildirgan. Kema xalqaro suvlarda Xark oroli tomon harakatlanayotgan bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Quvayt Bahrayn Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing