Eron AQSHning harbiy bazalariga zarba berishi mumkin – “Fars”
Olam
−
14 iyun
7920Eron Isroilga zarba berishda davom etadi, Isroil hujumiga javob operatsiyasi tugamadi. Bu haqda Eron harbiy rahbariyatiga yaqin manbaga tayanib, “Fars” agentligi xabar berdi.
“Sionistik rejimning bosqinchilik yo‘li bilan boshlagan urushi yaqin kunlarda ushbu rejim tomonidan bosib olingan barcha hududlar va mintaqadagi Amerika bazalariga tarqaladi va bosqinchilar Eronning hal qiluvchi va keng ko‘lamli javob zarbasi nishoniga aylanadi”, deydi agentlik suhbatdoshi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qarama-qarshilik kechagi cheklangan harakatlar bilan tugamaydi. Eron zarba berishda davom etadi.
“Bu harakatlar tajovuzkorlar uchun juda og‘riqli bo‘ladi va ularni qilmishlaridan tavba qilishga majbur qiladi”, deydi harbiy rahbariyat vakili.
Qayd etish joiz, Amerika Qo‘shma Shtatlari butun dunyoni qamrab olgan 1000 ta harbiy bazalar tarmog‘iga ega. 80 dan ortiq davlatda kamida 170 000 amerikalik askar bor. Yaqin Sharqda Amerika harbiy bazalari va inshootlari Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Saudiya Arabistoni va Suriyada joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga raketa hujumlari uyushtirdi. Oqibatda mamlakatning bir nechta yuqori lavozimli qo‘mondonlari, shuningdek, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Shuningdek, yadroviy inshootlar zarar ko‘rdi. Umuman olganda, Isroilning 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan yirik zarbalari Eronning 20 ga yaqin yuqori martabali harbiy rahbarlari va asosiy yadroviy olimlarining hayotiga zomin bo‘ldi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.
Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan. Isroil tomoni esa 1 kishining o‘limini tasdiqlagan.
LiveBarchasi