Eron-AQSH yadroviy muzokaralari Ummonda bo‘lib o‘tadi – Aroqchi
Olam
−
16:57 713 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ertaga, 6 fevral kuni Ummonda Eron va AQSH o‘rtasida yadroviy muzokaralar bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 4 fevral kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Bir nechta OAVlar Eron-AQSH muzokaralari bekor bo‘lgani haqidagi yangiliklar tarqatganidan so‘ng Tashqi ishlar vaziri mazkur xabarlar noto‘g‘ri va asossiz ekanini bildirgan.
Eron va AQSH muzokaralarni avvalroq Turkiyada o‘tkazishi rejalashtirilgan. Turkiya bir hafta davomida tomonlarni muzokara stoliga yig‘ishga harakat qilgan. Biroq, uchrashuv joyi Eronning talabi bilan Ummonga ko‘chirilgan. Joyning o‘zgarishi Eron muzokaralarni faqat AQSH bilan ikki tomonlama tor formatda o‘tkazishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning 3 fevral kuni AQSH Harbiy-dengiz kuchlari Arabiston dengizida Amerika aviatashuvchisiga yaqinlashgan Eron dronini urib tushirgandi. Bu voqea ikki tomon o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirgan bo‘lsa-da, muzokaralar bekor bo‘lmagan. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, uchrashuv faqat Eron yadroviy dasturi masalasiga qaratiladi va unda faqatgina Tehron hamda AQSH ishtirok etadi.
Oq uy muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda. Biroq, AQSH mintaqadagi ittifoqchilarga hurmat yuzasidan rejalarni o‘zgartirishga rozi bo‘ldi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning namoyishchilarga qarshi repressiyasidan keyin Tehronga qarshi kuch ishlatishi mumkinligini aytgan edi. U kutilayotgan muzokarada Eronni yadroviy dasturini cheklashga majbur qilishni maqsad qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgan edi.
Sunnatova Farangiz
Live
Barchasi