Eron AQSH bilan muzokaralarni to‘xtatdi – OAV
Olam
−
07 aprel 6449 2 daqiqa
Eron AQSH bilan muzokaralarni to‘xtatdi va vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokistonga endi o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilmasligini bildirdi. Bu haqda Eronning uch nafar yuqori lavozimli mulozimiga tayanib, “The New York Times” (NYT) nashri xabar berdi.
Bir qator G‘arb OAVlarining ma’lumotiga ko‘ra, Tehron AQSH Prezidenti Donald Tramp bosim ostida taslim bo‘lishni (kapitulyatsiya) talab qilayotgan bir paytda murosa izlashdan bosh tortmoqda. Tramp esa belgilangan so‘nggi muhlat tugaydigan kechada Eronni yo‘q qilish bilan tahdid qilishda davom etmoqda.
“Butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi va u qaytib hech qachon tiklanmaydi”, deb yozdi u o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
“The Wall Street Journal”ga ko‘ra, Eron haqiqatan ham AQSH bilan aloqalarni uzgan, lekin faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni. Yaqin Sharq mamlakatlari mulozimlarining gazetaga aytishicha, vositachilar orqali o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning bu qadami belgilangan muhlatgacha kelishuvga erishish urinishlarini qiyinlashtirgan.
WSJ manbalaridan birining aytishicha, AQSH bilan aloqalarni uzish orqali Eron norozilik va bo‘ysunmaslik signalini yuborgan.
“Tehron, toki Vashington undan “bosim ostida taslim bo‘lishni” talab qilar ekan, hech qanday moslashuvchanlik ko‘rsatmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan “Reuters” bilan suhbatda Eronning yuqori lavozimli manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar kecha, 6 aprel kuni AQSH va Yaqin Sharq davlatlariga Tehronning quyidagi mazmundagi murojaatini yetkazgan: agar Tramp tahdid qilganidek amerikaliklar elektr stansiyalariga zarba bersa, “Eronning qasos zarbalaridan so‘ng butun mintaqa va Saudiya Arabistoni zim-ziyo zulmatga g‘arq bo‘ladi”.
“Agar vaziyat nazoratdan chiqib ketsa, Eronning ittifoqchilari Bob al-Mandab bo‘g‘ozini ham yopib qo‘yishadi”, degan manba.
“Axios” manbalarining ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida parda ortida ma’lum bir oldinga siljish kuzatilgan, garchi Eron rejimi ommaga ochiq bayonotlarida qat’iy pozitsiyada turishda davom etayotgan bo‘lsa-da.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eronga butun sivilizatsiyani yo‘q qilish va 47 yillik rejimni tugatish bilan taxdid qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi