Eron AQSH hujumiga qanday javob berishi mumkin?
Olam
−
18 iyun 16747 3 daqiqa
Hozirgi Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatda asosiy masala AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil tomonida urushga qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi bo‘lib turibdi. Agar AQSH aralashmasa, Isroilning Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish imkoniyatlari cheklangan.
Shu bilan birga, AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda, jumladan mintaqaga USS Nimitz avianosetsi va boshqa kuchlarni joylashtirgan. Bu esa Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli oshganidan dalolat beradi.
Eronning ehtimoliy javob choralari
“Newsweek”* nashri bilan gaplashgan tahlilchilar agar AQSH to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirishsa, Eron mahalliy mojaroni xalqaro inqirozga aylantirishi mumkinligidan ogohlantirdi:
1. Raketa zarbalari va harbiy ob’ektlarga hujumlar
Germaniyadagi SWP instituti tahlilchisi Xamidrizo Aziziyning aytishicha, Eron hozircha AQSH bazalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmayapti. Lekin u katta miqdorda raketalarini saqlab turibdi.
“Urush avj olsa, Iroq, Kuvayt, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlardagi o‘nlab AQSH bazalari hujumga uchrashi mumkin. Hududda taxminan 40–50 ming AQSH harbiy xizmatchisi bor”, deydi u.
2. Hormuz bo‘g‘ozini yopish
Eron parlamenti mudofaa qo‘mitasi rahbari Ismoil Kosari Tehron Hormuz bo‘g‘ozini yopish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Ma’lumki, Hormuz — strategik dengiz yo‘li bo‘lib, jahon neft yetkazib berishining 20 foizi shu yer orqali amalga oshadi.
3. Husiylar orqali Bob-el-Mandebdagi tahdid
Bob-el-Mandeb — Qizil dengiz va Hind okeani o‘rtasidagi muhim yo‘l. U yerda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar harakatlantirilishi mumkin. Bu Yevropa-Osiyo o‘rtasidagi logistika va savdoni izdan chiqaradi.
4. “Qarshilik o‘qi”
Eron demokratiya uchun milliy ittifoqidan Hosra Sayeh Isfaxoniyning aytishicha, Eron o‘zining “Qarshilik o‘qi” tarmog‘ini – proksi guruhlar, maxfiy agentlarni faollashtirishi mumkin. Bu “Hizbulloh”, husiylar, Eron razvedkasining chet eldagi bo‘linmalarini qamrab oladi.
Natijada AQSH bazalariga zarbalar, terrorchilik hujumlari, kiberhujumlar, amerikalik fuqarolarni garovga olish kabi choralar amalga oshirilishi mumkin.
Barcha tahlilchilarning fikricha, AQSHning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi Tehron tomonidan faqat rejimga emas, balki davlatning mavjudligiga tahdid sifatida qabul qilinadi.
Hamidrizo Aziziyning ta’biricha, bunday holda Eron “hamma ko‘zni o‘ynaydi” — ya’ni, barcha frontlarda javob berish strategiyasini ishga soladi: harbiy, energetik, diplomatik.
Bu esa Yaqin Sharqdagi mahalliy urushni global geosiyosiy falokatga aylantiradi – oqibatlarni oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eron yadro dasturiga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Oradan bir kun o‘tmasdan Eron javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda Isroil va Eron yana zarbalar berishdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar haqida ma’lum qildi va bir qator nishonlarga zarba berganini tan oldi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr