Eron Afg‘oniston bilan chegaraga harbiy texnika yubormoqda — OAV

Olam

image

Xabaringiz bor, Afg‘onistonda harbiy vaziyat bo‘yicha keskinlik ortgan. “Tolibon” AQSH qo‘shinlari mamlakatni tark etishi fonida faol harbiy harakatlar olib bormoqda, birin-ketin mamlakatning muhim hududlarini egallamoqda. Voqealarning bunday rivoj olishi Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lgan davlatlarni sergak tortishga majbur qilyapti.

“Sputnik” nashrining o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Afg‘oniston bilan deyarli 1000 kilometr chegara hududiga ega bo‘lgan Eron ham mamlakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.   

Qayd etilishicha, Eron Afg‘oniston bilan chegara hududlariga T-72S, BMP-2 tanklari va boshqa zirhli harbiy texnika yuborgan. Biroq bu borada rasmiy xabarlar mavjud emas.

“Shubhasiz, chegaraga qo‘shinlarni qayta joylashtirish Afg‘onistondagi “Tolibon” harakatining faollashuvi bilan bog‘liq”, deya qayd etilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ham harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha rejaga asosan amaliy mashg‘ulotlar boshlagan. Bundan tashqari, respublika 22 iyun kuni Afg‘oniston bilan chegarani vaqtincha yopgan.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

358

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing