Eron 6 milliard dollar evaziga amerikalik mahbuslarni ozod qilyapti

Olam

image

Tehron va Vashington “5 ga 5” formatida mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Eronning BMTdagi doimiy missiyasiga tayanib, IRNA axborot agentligi xabar berdi.

“Uchinchi davlat vositachiligida erishilgan kelishuvga ko‘ra, AQSHda qamoqda o‘tirgan besh nafar Eron fuqarosi ozod qilinadi”, deyiladi tashkilot bayonotida. 

Eron missiyasi Tehrondagi Evin qamoqxonasidan besh nafar AQSH fuqarosi ozod etilganini ham tasdiqlagan.

Kelishuv doirasida Eron AQSH sanksiyalari ostida Janubiy Koreya banklarida muzlatib qo‘yilgan 6 milliard dollarga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Eronning Janubiy Koreyada muzlatib qo‘yilgan aktivlari blokdan chiqariladi va Qatarga o‘tkaziladi. 

O‘z o‘rnida, Oq uyning Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) Tehronga 6 milliard dollar qaytarilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. MXKning strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi bu mablag‘lar to‘lov emasligini va amerikalik soliq to‘lovchilar hisobidan o‘tkazilmasligini ta’kidlagan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa Tehron besh amerikalik fuqaroni ozod qilganidan keyin ham Vashington Eronga qarshi sanksiyalarini yumshata olmasligini aytgan.

"Hech qanday sharoitda Eronga qarshi sanksiyalar yengillashtirilmaydi. Biz sanksiyalarni kuchaytirishda, Eronning mintaqa va undan tashqarida beqarorlashtiruvchi faoliyatiga qarshi kurashishda davom etamiz", degan Blinken.

CNN’ning yozishicha, Siamak Namoziy, Emad Shargi, Morad Tahbaz va ismi oshkor qilinmagan yana ikki mahbus Tehrondagi qamoqxonadan uy qamog‘iga o‘tkazilgan. 

Eron Prezidenti ma’muriyati rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Jamshidiy Tehron muzlatib qo‘yilgan aktivlariga kirish imkoniga ega bo‘lgandan keyingina uy qamog‘iga o‘tkazilgan AQSH fuqarolari ozod qilinishini ma’lum qilgan.

“AQSHda ushlab turilgan fuqarolarimiz ozod etilmaguncha va Janubiy Koreyada noqonuniy bloklangan mablag‘larga kirishga ruxsat berilmaguncha AQSH mahbuslari Eronni tark eta olmaydi”, deb yozgan Jamshidiy X’dagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, Siamak Namoziy va uning otasi Baquer Namoziy 2016 yilda Eronda “dushman davlat bilan aloqalar”da ayblanib sudlangan. Keyinroq Baquyer Namoziy sog‘lig‘i sabab qo‘yib yuborilgan. Morad Tahbaz 2019 yilda AQSH hukumati bilan aloqalari uchun 10 yilga, Emad Shargi Shargi esa 2021 yilda josuslik uchun 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Eron Tashqi ishlar vazirligining amaldagi siyosiy o‘rinbosari Ali Bagerining so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozirda sanksiyalarini chetlab o‘tishga uringanlikda ayblangan 15 ga yaqin Eron fuqarosini hibsda ushlab turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Tehron mahbus almashish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing