To‘ra Bobolovni o‘ldiga chiqargan fuqaro kimligi aniqlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusdan vafot etgani haqida yolg‘on axborot tarqalgani xabar qilingandi. Ushbu xabarni kim tarqatgani aniqlanib, uning telefoni qoidabuzarlik quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Bildirilishicha, mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi ta’minlangan. Tekshirish natijasida, ushbu xabarni tarqatgan shaxs fuqaro D.O. ekanligi aniqlangan.

“Haqiqatchi blogerlar” akkauntini yurituvchi D.O. 1971 yilda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Buni qarangki, uning ma’lumoti oliy bo‘lib, Samarqand tibbiyot institutini tamomlagan. Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida shifokor-kardiolog bo‘lib ishlaydi. Sariosiyo tumanining Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada ham davolovchi shifokor sifatida faoliyat yuritadi.

Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni unga viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganligini ma’lum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Begona ayol o‘z telefon raqamidan 24 iyul kuni soat 08:00 larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go‘yo Surxondaryo viloyati hokimi vafot etganligi haqida bildirgan.

Shu paytning o‘zida D.O. o‘zining “Redmi NOTE 9” rusumli telefon apparatida ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab Facebook hamda Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga joylashtirgan.

Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-(tuhmat) va 46-moddasi (fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani ma’muriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.O.ga nisbatan ba’zaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan “Redmi NOTE 9” rusumli uyali qo‘l telefoni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Tekshiruvlar davom ettirilib, D.O. ga qo‘ng‘iroq qilib yolg‘on ma’lumot taqdim etgan noma’lum ayol - Termiz shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi G.R. ekanligi aniqlandi.

G.R. o‘z tushuntirishida D.O.ga mazkur yolg‘on xabarni aytganligini bildirdi.

Mazkur holat yuzasidan G.R. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib tegishli sud organiga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

To'ra Bobolov

Baholaganlar

693

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing