Eron ham Ukrainadagi urushda vositachilik qilmoqchi
Olam
−
19 Sentabr 2023
5290Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy o‘z davlati Ukrainadagi mojaroni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda amerikalik tashqi siyosat ekspertlari va jurnalistlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Biz Ukrainadagi urushga qarshimiz va unga chek qo‘yish uchun vositachi bo‘lishga tayyormiz. Biroq urush amerikalik soliq to‘lovchilar hisobiga davom etmoqda, ularning pullari qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar egalarining cho‘ntagiga tushmoqda. Biz AQSH rasmiylariga harbiy harakatlarni to‘xtatishni tavsiya qilamiz, chunki so‘nggi 250 yil ichida amerikaliklar bor-yo‘g‘i 20 yil davomida qurolli to‘qnashuv holatida bo‘lmagan”, degan Prezident.
Shuningdek, Raisiy Rossiya Federatsiyasiga Eron qurollari yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotni yana bir bor rad etgan.
Qayd etish joizki, ko‘plab G‘arb davlatlari Eronni Rossiyaga Ukrainada foydalanish uchun qurol-yarog‘ va uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berishda ayblab keladi. Moskva va Tehron buni bir necha bor rad etgan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni yolg‘on deb atagan va Rossiya armiyasi faqat mahalliy ishlab chiqarilgan samolyotlardan foydalanishini da’vo qilgan. 2022 yilning noyabrida esa Eron TIV rahbari respublika Rossiya Federatsiyasiga uchuvchisiz samolyotlarni yetkazib berganini tan olgan, biroq bu oz miqdorda va Ukrainada urush boshlanishidan bir necha oy oldin bo‘lganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainada urush boshlangandan beri Turkiya, Xitoy, Braziliya va Afrika davlatlari vositachi bo‘lishni taklif qilgan.
LiveBarchasi