Eron ham AQSHdek harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Olam

image

Eron Hormuz bo‘g‘ozida ikki kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshlanishini e’lon qildi. Bu haqda 31 yanvar kuni “Al Jazeera” telekanali xabar berdi.

Mashg‘ulotlar Hormuz bo‘g‘ozi hududi, shuningdek Fors va Ummon ko‘rfazlariga tutash dengiz zonalarini qamrab oladi. Biroq Eron rasmiylari ushbu mashg‘ulotlarda qaysi harbiy kuch va texnikalar ishtirok etishini hozircha ochiqlamagan.

AQSH Qurolli kuchlarining Yaqin Sharqdagi Markaziy qo‘mondonligi Eron harbiylariga ogohlantirish bilan chiqqan. Unda AQSH tomoni amerikalik harbiy kemalar ustidan xavfli parvozlar yoki Eron katerlarining to‘qnashuv yo‘nalishida yaqinlashuvi kabi manevrlarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.

AQSH bayonotida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga dengiz mashg‘ulotlarini xavfsiz va professional tarzda o‘tkazish, xalqaro suv hududlarida erkin kemalar qatnovi uchun ortiqcha xavf tug‘dirmaslik chaqirig‘i bildirilgan.

AQSH qo‘mondonligining ta’kidlashicha, Amerika harbiylari, mintaqaviy hamkorlar yoki tijorat kemalari yaqinida har qanday xavfli va noprofessional harakatlar to‘qnashuv, keskinlikning kuchayishi va mintaqadagi beqarorlik xavfini oshiradi.

Ma’lumki, ayni kunlarda AQSH ham Yaqin Sharqda o‘zining qo‘shin va qurollarini to‘plab qo‘ygan. Ko‘pchilik tahlilchilarning aytishicha, AQSHning “harbiy mashg‘ulot”larining oxiri urushga ulanib ketadi. Eron ichida ham bunga ishoniladi, chunki AQSH texnikalari Eronni to‘rt tomondan o‘rab olgan. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, AQSHning har bir noto‘g‘ri tashlagan qadami o‘zi uchun juda qimmatga tushishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH muzokaralarni davom ettirish uchun “kamsituvchi shartlar” qo‘yayotganini va Eron bunday shartlarni qabul qilmasligini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, Eron na tahqirga, na zaiflikka yo‘l qo‘ymaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Ummon Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing