“O‘zbekkonsert”ning “qorin og‘rig‘i” deb “Million”ning konsertlari qoldiriladimi?
Madaniyat-san’at
−
16 iyul 2019
19439“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi “Million” jamoasiga 187.727.980 so‘m qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlarni joriy yilning 16 iyuliga qadar amalga oshirmasa, jamoa bilan tuzilgan litsenziya shartnomasi bekor qilinishi bo‘yicha rasmiy ogohlantirish xati yuborgani haqida xabar bergan edik.
“O‘zbekkonsert”ning to‘satdan bunday ogohlantirish bilan chiqishi va 187 millionlik boj haqida shu kungacha miq etmagani shubhali, albatta.
Shu kunlarda esa “Million”ning Farg‘ona, Namangan, Andijon, Buxoro, Jizzax va Shahrisabz shaharlarida konsert dasturi kutilayotgan edi. Viloyatlarda “Million”ning konsertiga chiptalar sotuvi boshlangan bir paytda“O‘zbekkonsert”ning “Million” litsenziya uchun to‘lovlarni amalga oshirmasa, litsenziya shartnomasi bekor qilinishi haqidagi ogohlantirishi “konsert bo‘lmasa kerak”, degan shubha-gumonlarni uyg‘otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Million”ning konsertiga chipta olganini aytib, endi buyog‘i nima bo‘lishini so‘rab murojaat yozganlar ham bo‘ldi.
Xo‘sh, “O‘zbekkonsert”ning shunday “qorin og‘rig‘i” bor ekan, konsert e’lon qilinib, ko‘chalar afishalarga to‘lguncha qayerda edi? Jamoa va muassasa o‘rtasidagi oldi-berdidan nega oddiy tomoshabin zarar ko‘rishi kerak? Holbuki, muassasaning viloyatlar bo‘ylab konsert berilayotganidan xabari bo‘lgan. Agar xabari bo‘lmagan bo‘lsa, demak muassasasaning dardi faqat pul bo‘lib qolgan.
“Million” jamoasi a’zosi Davron Kabulov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida konsert bo‘yicha barcha gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi. Uning ma’lum qilishicha, viloyatlardagi konsertlar qoldirilmaydi. “Million” litsenziya pulini to‘lashni boshlagan.
“Million” jamoasining Namangan, Jizzax, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, va Shahrisabz shaharlariga mo‘ljallangan gastrol safarlari bekor qilinishi haqidagi xavotirlar asossiz. “O‘zbekkonsert” DM tomonidan 2,5 barobar oshirib qo‘yilgan bojlarni to‘lash bugundan boshlandi. “Million” jamoasi litsenziya yig‘imi va uni ko‘rib chiqish uchun olinadigan bojlar, har bir seans uchun to‘lanadigan bir martalik konsert-gastrol ruxsatnomasi yig‘imi va umuman, daromad solig‘i, pensiya, maktab, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash fondlari yig‘imlari, QQS va boshqa majburiy to‘lovlarni tartibli soliq to‘lovchi sifatida kechiktirmagan va to‘lashni davom ettiradi”, deb yozadi Davron Kabulov.
“O‘zbekkonsert”ning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi tomonidan joriy yilning 25 iyundagi navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi va uning tashqarisida konsert dasturlarini muntazam ravishda o‘tkazib kelayotganligi bois “Million” guruhining doimiy a’zolariga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi beruvchi litsenziya reytingining 2-guruhi berilib, ularning har biriga yillik 19 867 540 so‘mdan davlat boji uchun to‘lovlarni amalga oshirilishi belgilangan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr