Erishilgan natijalar tibbiyotimizning yutug‘i emas – Burxonov (intervyu)

Intervyu

O‘zbekiston pandemiya davridan qanday o‘tyapti? Mamlakatni kelajakda nimalar kutmoqda? Davlatda kasallikning davolanishi bilan bog‘liq foizlar nega past? Sifatsiz internet bilan masofaviy sifatli ta’limni ta’minlay olyapmizmi? Shu kabi savollar QALAMPIR.UZ’ning “Yuksalish” umummilliy harakati raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonov bilan o‘tkazgan suhbatida ko‘tarildi. 

“TVda ayrim ekspertlarning fikrlarini eshityapmiz. Mana, Yevropa mamlakatlari qanchalik rivojlangan bo‘lsa ham tibbiyot tizimi yaxshimas ekan, degan gaplari quloqqa chalinyapti. Bu noto‘g‘ri fikr. Hozir solishtiradigan davr emas. Tan olib aytish kerak, O‘zbekiston – rivojlangan davlat emas. Rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Lekin mana shu holatda ham tibbiyot sohasiga ham, fuqarolarning o‘limi kam bo‘lishiga harakat qilinyapti. Bundan xulosa qilish mumkinki, davlatning iqtisodiy jihatdan buyukligi, fuqaroning ijtimoiy jihatdan himoyalangani, faqatgina iqtisodiy barqarorlik rol o‘ynamasligini ko‘rdik. Bu ham biz uchun katta dars. Men bu bilan boshqa davlatlarga qaraganda bizda tibbiyot yaxshi edi, demoqchi emasman. Chunki tibbiyotdagi bo‘shliqlarni ko‘rib turibmiz. Buni inkor eta olmaymiz. Lekin biz kelajak uchun to‘g‘ri yo‘nalishni tanlab olishimiz uchun katta dars bo‘lyapti, deb o‘ylayman”.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar 1565 kishini tashkil etmoqda. Ulardan 5 nafari vafot etdi. 238 nafari sog‘aydi. Kasallanganlarning umumiy soniga nisbatan sog‘ayganlar 15,2 fiozni tashkil etmoqda. Xo‘sh, bugungacha erishilgan yutuqlar zamirida nima yotibdi? Burxonovning fikricha bu yutuqlar tibbiyotniki emas, balki mamlakatda o‘z vaqtida ko‘rilgan karantin choralari natijasi. 

“Sog‘ayish holati va bemorlarning ko‘payishi bir tomon. AQSHda kasallanganlar ko‘p deyilyapti, ammo buning boshqa tomoni ham bor. Chunki u yerda koronavirusga chalinganlik bo‘yicha millionlab testlar o‘tkazilyapti. Bu bilan o‘sha davlatda kasal ko‘p ekan, deb ayta olmaymiz. Balki, boshqa davlatlarda undan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin ular nuqtaviy ish olib boryapti. AQSHda ko‘p bemor aniqlanishiga yoppasiga test o‘tkazilayotgani sabab bo‘lishi mumkin. Keyingi tomoniga e’tibor beradigan bo‘lsak, davlatda bitta kasal chiqib 1 kishi o‘ldimi yoki 10 mingta bemor aniqlanib, shundan o‘ntasi o‘ldimi, buning farqi yo‘q. O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, biz karantin choralarini e’lon qilganimizda O‘zbekistonda bemorlar soni 100 taga ham yetmagan edi. Va bunda kasal 10 ta bo‘lsa ham, 1000 ta bo‘lsa ham iqtisodiyotga, ijtimoiy hayotimizga zarbasi bir xil edi. Ya’ni soniga bog‘liq emas, demoqchiman. Karantin choralarining kuchaytirilishi kasallangan va o‘lim holatining kamayishiga olib kelishi aniq, lekin kasallanganlarning ko‘p yo kamligiga qarab iqtisodiyotga ta’sirini baholash to‘g‘ri deb bilmayman.

Erishilgan natijalarni yutuq desak bo‘ladi, ammo bu tibbiyotning yotug‘i deb aytolmaymiz. Buning sababi choralar ko‘rishni vaqtida boshlaganimiz. Bu davlat boshqaruvchining yutug‘i, tibbiyotning emas. Mana, Rossiya, Belarussiyani ko‘radigan bo‘lsak, hatto, Yaponiyada ham kasallikning bir to‘lqini keldi, choralar ko‘rildi. Keyin ijtimoiy tarmoqlarda Yaponiyani maqtashni boshlashdi. Hamma ularning gigiyena qodilariga rioya qilishini gapirdi. Men Yaponiyada o‘qiganman va masala bunga bog‘liq emasligini ham bilaman. Hukumat choralarni bo‘shashtirgan edi, yana kasallanganlar ko‘payib ketdi. Keyin favqulodda holat rejimini e’lon qilishga majbur bo‘lishdi. Rossiyada esa boshida bee’tibor qaraldi. 

Men to‘g‘risini aytaman, tibbiyotimizning hali juda ko‘p qiladigan ishlari bor. Bu tibbiyotning yutug‘i emas, birinchi navbatda davlat boshqaruvining yutug‘i”, deydi Akmal Burxonov. 

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda va YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Akmal Burxonov

Baholaganlar

671

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing