Ergashevning raqibi O‘zbekiston ramzlari tushirilgan futbolkada ko‘rinish berdi (video)
Sport
−
18 avgust 2023
4408O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) kamari sohibi puerto-rikolik Sabriel Matiasga qarshi jang o‘tkazishi haqida xabar bergan edik. Mazkur jang oldidan IBF chempioni O‘zbekiston davlat ramzlari tushirilgan futbolkada mashg‘ulot olib bormoqda. Tegishli video Sabriel Matiasning Instagram sahifasida e’lon qilindi.
Avvalroq IBF buyrug‘iga ko‘ra, joriy yilning 15 avgust kuni promouterlik savdosi o‘tkazilib, Ergashev - Matias jangi tashkilotchisi aniqlanishi kerak edi, biroq autsion bir haftaga qoldirildi. Bu muddat ichida Ergashev va Matiasning promouterlari jang bo‘yicha yana muzokara olib boradi, agar shu muddat ichida ham tomonlar kelishuvga erisha olmasa, proumouterlik savdosi o‘tkaziladi.
Matiasning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan videosidan tushunish mumkinki, tomonlar belgilangan vaqt ichida kelishuvga erisha oladi va u ushbu jangni haqiqiy shou darajasiga olib chiqish istagida.
Puerto-rikolik chempion holatni “Ajoyib jang yaqinlashmoqda”, deya izohlagan.
Ma’lumot uchun, Matias profboksda 20 ta jang o‘tkazib, 19 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Da’vogar Shohjahon Ergashev esa faoliyati davomida 23 ta jangda ishtirok etib, barchasida raqiblaridan ustun kelgan. U janglarining 20 tasida nokaut, 3 tasida hakamlar qarori bilan g‘alabaga erishgan.
LiveBarchasi