Ergashev va Matias jangi uchun promouterlik savdosi tashkil etiladi

Sport

image

Avvalroq o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashevning IBF chempionlik kamari uchun jangi rasman belgilangani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, super yengil vazn toifasida IBF kamari sohibi puerto-rikolik Sabriyel Matias majburiy himoya jangini 2023 yil 25 avgustda yoki undan oldin, aynan O‘zbekiston vakiliga qarshi o‘tkazishi aytilgan. Bokschilar va ularning vakillari kelishuvga erisha olmagani sababli mazkur jangni tashkil etish uchun promouterlik savdosi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda IBF matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, endilikda joriy yilning 15 avgust kuni promouterlik savdosi tashkil etiladi. Unda g‘olib bo‘lgan kompaniya mazkur jangni tashkil etish huquqiga ega bo‘ladi.  Ushbu jangdan tushadigan mablag‘ning 70 foizi chempion Sabriyel Matiasga, 30 foizi esa da’vogar Shohjahon Ergashevga tegadigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Matias profboksda 20 ta jang o‘tkazib, 19 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Da’vogar Shohjahon Ergashev esa faoliyati davomida 23 ta jangda ishtirok etib, barchasida raqiblaridan ustun kelgan. U janglarining 20 tasida nokaut, 3 tasida hakamlar qarori bilan g‘alabaga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shohjahon Ergashevning Matiasga qarshi jangi shu yilning 28 oktyabr sanasida o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Mazkur jang O‘zbekiston mezbonligida o‘tishi taxmin qilinayotgandi. Bu haqda sportchi Instagram'dagi jonli efirida aytib o‘tgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev IBF Sabriel' Matias

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing