Ergashev va G‘iyosov jangi bo‘ladimi?

Sport

Mana bir necha yildirki ikki o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev va Shahram G‘iyosov o‘zaro jang qiladimi degan savol o‘zbek sporti ixlosmandlarining tilidan tushmayapti. So‘nggi vaqtlarda bu mavzu yana trendga chiqdi. Ikkala bokschi ijtimoiy tarmoqlar orqali “jang” o‘tkazmoqda, ammo masala qachon uzil-kesil ringda hal qilinadi? Ikkala charm qo‘lqop ustasi bilan ham muloqotda bo‘lgan QALAMPIR.UZ sayti yuqoridagi savolga imkon qadar aniq javob beradi.

Jang bo‘yicha ikkala sportchining pozitsiyasi ikki xil. Ayni vaqtda Ergashev bu jangga tayyor, ammo u yarim o‘rta vaznda IBF kamari uchun asosiy nomzod hisoblanadi va yaqin vaqt ichida Shohjahon Ergashev kamarni qo‘lga kiritsa, uning fikri o‘zgarib qolishi mumkin. Yana bir jihatni ta’kidlash joiz, Ergashev G‘iyosovga qaraganda o‘z vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritishga yaqinroq. U britaniyalik Jek Ketterolga qarshi Eliminator jangida ishtirok etishi kerak, biroq Ketterol o‘zbekistonlik bokschiga qarshi ringga chiqishni istamayapti. Bu holat esa uzoqqa cho‘zilmaydi.

G‘iyosov esa dastavval bu jangga rozi bo‘lgandek taassurot uyg‘otayotgandi, ammo keyinchalik bokschi vaznini o‘zgartirdi va QALAMPIR.UZ'ga Ergashevga qarshi jang bo‘yicha piarlarni to‘xtatishini, bu jangdan hech qanday foyda olmasligini ma’lum qildi. 

Ergashev-G‘iyosov ehtimoliy jangi bo‘yicha boshqa o‘zbek bokschilarining fikri qanday?

Professional bokschilar Bahodir Jalolov va Isroil Madrimov hozirgi vaqtda hech qanaqasiga bu jangni o‘tkazishni imkoni yo‘qligini ma’lum qildi. Ikki sportchi ham jangga rozi bo‘lgan taqdirda ham promouterlarga bu to‘qnashuv hozirda umuman kerak emas. 

Yana bir savol agarda mazkur jang o‘tkazilsa, bundan O‘zbekiston qanday foyda ko‘radi?

Albatta, O‘zbekistonning ikki top bokschisi o‘rtasidagi bahs butun dunyoga ham qiziq. Tabiiyki, jangni tomosha qilish uchun O‘zbekistonga butun dunyodan boks ishqibozlari keladi. Jang tashkilotchilari translyatsiyadan katta foyda ko‘radi. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu jang yaqin 1-2 yil ichida katta ehtimol bilan o‘tkazilmaydi. Ergashev ayni vaqtda jangga tayyor, G‘iyosov esa bu borada boshqacha fikrda.

Shohjahon Ergashev va Shahram G‘iyosovning kelgusi janglari kimga qarshi o‘tkazilishi noma’lum, biroq sportchilar QALAMPIR.UZ'ga bo‘lajak janglarining taxminiy o‘tkazilish vaqtini aytdi. Ergashevning navbatdagi jangi 3 iyun kuni AQSHning Las-Vegas shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda. G‘iyosov esa kelgusi jangini aprel oyida o‘tkazish ehtimoli bor.

Albatta, ikkala sportchi ham hali ko‘p narsani isbotlashi kerak. O‘ylaymizki, ular o‘z vazn toifalarida jahon chempionligi kamarlariga ega chiqib, keyin o‘zaro hisob-kitob qilib oladi. O‘shanda jangchilarning to‘qnashuvi hozirgi vaqtga qaraganda bir necha barobar qiziqroq bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev Shahram G'iyosov boks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing