Erdo‘g‘an Germaniyadan qiruvchi samolyot so‘rashi mumkin – “Bloomberg”
Olam
−
17 noyabr 2023
3997Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 17 noyabr kuni Berlinga tashrifi chog‘ida Germaniya kansleri Olaf Sholsdan Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini sotishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni so‘rashi mumkin, biroq Germaniya bu taklifni qabul qilishi dargumon. Bu haqda Turkiya va Germaniya rasmiylariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Turkiya Ispaniya, Buyuk Britaniya va Italiya bilan birga qiruvchi samolyotlar ishlab chiqarish bo‘yicha Eurofighter konsorsiumiga kiruvchi Germaniyadan keyinchalik ularning sonini ikki barobarga oshirish imkoniyati bilan kamida 20 ta samolyot so‘rashi mumkin. Turkiyaga bunday samolyotlar “eskirgan havo kuchlarini yangilashi” va Gretsiya tomonidan Fransiyaning Dassault Rafale samolyotlari sotib olinishiga javob berishi uchun kerak. Ammo Germaniya bunga yon berishi dargumon, chunki mamlakatlar o‘rtasida bir qancha masalalarda, jumladan, Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini qoralash, Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalarini sotib olish va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish istagini ratifikatsiya qilishning kechikishi bo‘yicha diplomatik taranglik saqlanib qolmoqda.
“Bloomberg”ning izoh berishicha, Turkiya uzoq vaqtdan beri eskirgan F-4 samolyotlar parkidan voz kechishni rejalashtirib kelmoqda. AQSH 2019 yilda Lockheed Martin kompaniyasining F-35 qiruvchi samolyotini yaratish dasturidan Turkiyani chiqarib tashlagach, bu masala Erdo‘g‘an uchun ustuvor yo‘nalishga aylangan. Turkiya Rossiya bilan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olishga rozi bo‘lgach, Vashington ulardan NATOga a’zo mamlakatlarning jangovar samolyotlari haqida ma’lumot to‘plashda foydalanishi mumkinligidan cho‘chigan. Shu munosabat bilan, Qo‘shma Shtatlar Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini Anqara tomonidan ratifikatsiya qilinishi samolyotlarni sotishga rozilik olish uchun zaruriy shart ekanini ta’kidlagan.
Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler ham avvalroq F-35 qiruvchi samolyotlarini xarid qilish tarafdori emasligini, biroq Turkiya 40 ta Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotini sotib olishni rejalashtirayotganiga ishora qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Ispaniya sotishga dastlab rozi bo‘lgan, biroq Germaniya hali ko‘nmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Euractiv” portali Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Berlinda Olaf Shols bilan uchrashuvi chog‘ida Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ratifikatsiya qilishga tayyorligini ma’lum qilishi mumkinligini yozgandi.