Erdo‘g‘anning ishongan odami Ozarbayjonda YTHga uchradi

Olam

image

Turkiyaning iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari – Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim kecha, 20 oktyabr kuni Zangilon xalqaro aeroportining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan Ozarbayjonga bordi. Qorabog‘da bo‘lgan Binali Yildirim shu yerda yo‘l-transport hodisasiga uchradi. 

Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Kojaning ma’lum qilishicha, Binali Yildirim, uning qo‘riqchisi va deputat Shamil Ayrim o‘tirgan avtomobil yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Ayni vaqtda uch kishining ham sog‘lig‘i yaxshi, xavotirga o‘rin yo‘q. 

Prezident ma’muriyatining Aloqa boshqarmasi tomonidan berilgan bayonotda aytilishicha, davlat rahbariga Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida hamrohlik qilgan Yildirim va Ayrimning mashinasi Zangilon aeroporti yo‘lida halokatga uchragan. 

Bayonotda sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan Yildirim va Ayrim shifokorlar tomonidan nazoratga olish maqsadida tibbiy guruhlar hamrohligida vertolyotda Bakudagi shifoxonaga olib borilgani, haydovchining sog‘lig‘i ham yaxshi ekani qayd etilgan. 

Yildirim voqeadan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali bayonot berib, “Ozarbayjonga safarimiz chog‘ida yo‘l-transport hodisasiga duch keldik. Xudoga shukur, ahvolimiz yaxshi. Biz ehtiyot chorasi sifatida shifoxonada nazorat ostidamiz. Duo qilib, yaxshi tilaklarini yo‘llagan barchaga rahmat aytaman”, dedi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev yo‘l-transport hodisasida jarohatlangan Binali Yildirim, uning qo‘riqchisi va deputat Shamil Ayrimdan xabar olish maqsadida Bakudagi shifoxonaga bordi. Prezident ularga salomatlik tilagan. 

Qayd etilishicha, jarohatlangan uch kishiga Bakudagi shifokorlar bugun, 21 oktyabr kuni ruxsat bergan va ular tez yordam samolyoti bilan Turkiyaning Istanbul shahriga olib kelingan.  

Ma’lumot uchun, Binali Yildirim Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning eng yaqin safdoshlaridan biridir. U 2016 yilning mayidan 2018 yilning iyuligacha Turkiya Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Binali Yildirim

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing