Binali Yildirim Mirziyoyevga Erdo‘g‘anning salomini yetkazdi
Olam
−
24 mart 2022
3544O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 mart kuni Xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisining o‘rinbosari Binali Yildirimni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Binali Yildirim O‘zbekiston rahbariga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Turkiya strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etgan. O‘zaro savdo hajmlari ortmoqda, zamonaviy sanoatni barpo etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda.
Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi Strategik sheriklik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rilayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, suhbatda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘tgan yil noyabr oyida tashkilotning Istanbul sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar transferi kabi sohalardagi qo‘shma tashabbus va loyihalarni ilgari surish shular jumlasidan.
Qolaversa, mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Binali Yildirim O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashgan edi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 29-31 mart kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga navbatdagi tashrifi kutilmoqda.