Erdo‘g‘andan Putin uchun alamli bayonot. Turkiya Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olmaydi

Olam

image

“Turkiya Qora dengiz mintaqasidagi ikki qo‘shni do‘st davlat [Ukraina va Rossiya] o‘rtasidagi ziddiyatga barham berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor. Biz yetakchilar [Zelenskiy va Putin] uchrashuvini tashkil etishga yoki texnik muzokaralar uchun platforma taqdim etishga hozirmiz”. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 3 fevral kuni Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

Erdo‘g‘an Turkiyaning Ukraina, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan. 

“Biz Prezident Vladimir Zelenskiy va Ukrainaning boshqa rasmiy idoralari vakillarining sog‘lom fikr va muloqot ustuvorligiga asoslangan pozitsiyasini olqishlaymiz. Anqaraning pozitsiyasi shundan iboratki, olovga moy quyish emas, balki keskinlik darajasini pasaytirishga harakat qilish kerak”, deydi Turkiya rahbari. 

Turkiya rahbari Donbass mojaro zonasida YeXHTning Ukrainadagi maxsus kuzatuv missiyasining rolini muhim deb atagan. 

“Donbass mojarosi zonasida monitoring masalasida biz YeXHTning Ukrainadagi maxsus kuzatuv missiyasining rolini muhim deb bilamiz. Tashkil etilganidan buyon turk diplomatlari rahbarlik qilib kelayotgan ushbu missiyaning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, bu inqiroz Minsk kelishuvlari va Ukrainaning hududiy yaxlitligi nuqtai nazaridan xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq tinch va diplomatik yo‘llar bilan hal qilinadi”, deya davom etdi Erdo‘g‘an. 

Davlat rahbari Turkiya va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan. 

“Turkiya-Ukraina muzokaralari va imzolangan kelishuvlar ikki davlatning strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga bo‘lgan xohish-irodasi ko‘rsatkichidir”, degan Erdo‘g‘an. 

Turkiya Arezidenti Ukraina rahbari bilan muzokaralar chog‘ida bu mamlakatdagi vatandoshlar, xususan, qrim-tatarlarning ahvolini ham muhokama qilganini aytdi. 

Erdo‘g‘an, Qrim tatarlari Turkiya va Ukraina o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik ko‘prigini tashkil qilganini qayd etgan. 

Ukraina rahbari, o‘z navbatida, Turkiya Prezidentiga Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish bo‘yicha vositachilik tashabbusi uchun minnatdorlik bildirgan. 

“Sizning tashrifingiz Ukraina bilan og‘ir damlarda aynan kim turganligining ko‘rsatkichidir. Mamlakatimiz buni unutmaydi”, degan u. 

Ma’lumot uchun, ikki davlat rahbarlari ishtirokida 8 ta hukumatlararo hujjat, jumladan, Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2021 yilning 10 aprel kuni  Zelenskiy bilan Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Anqara “Qrimning anneksiyasini” tan olmaslik qarorini tasdiqlashini aytgandi. Shuningdek, u Ukrainaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

1094

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing