Erdo‘g‘andan qo‘rqinchli ogohlantirish: qatl etilishi mumkin

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qasddan o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqarganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Prezident bu haqda gapirarkan, ishni, hatto, o‘lim jazosigacha olib borish mumkinligiga sha’ma qildi. 

Bir necha kundan buyon o‘rmon yong‘inlari davom etayotgan Mug‘la viloyatining janubi-g‘arbiy qismi – Marmarisda jurnalistlar bilan suhbatda davlat rahbari sayyohlik hududida sodir bo‘lgan yong‘inlar natijasida hech kim jabrlanmagani va bedarak yo‘qolmaganidan mamnunligini bildirdi.  

“Yong‘in zonasiga tutash aholi punktlaridan 435 kishi evakuatsiya qilindi”,  dedi Turkiya rahbari. 

Unga ko‘ra, yong‘inlarni o‘chirishga 15 samolyot va 46 vertolyot jalb qilingan. 

Prezident Dalaman, Fethiye, Keychegiz va Seydikemer viloyatlarida o‘rmon yong‘inlari nazoratga olinganini ma’lum qildi. 

Turkiya Prezidenti o‘rmon yong‘inlarini uyushtirganlik uchun jazo masalasiga to‘xtalib, bunday qilmishlar uchun jazoni kuchaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

“Jazolar, jumladan, qatl qilish borasida turli fikrlar bildirilmoqda. Menimcha, bu masalani muhokama qilishga arziydi”, deydi Erdo‘g‘an. 

U so‘zida davom etib, Sulton Mehmet Fotihning gaplaridan iqtibos keltirib, shunday dedi: 

“Sulton Fotih nima degandi? O‘rmondan bir daraxtni kesganning boshini olaman. Bu ish shu qadar ahamiyatli... O‘rmonlarni yoqishyapti. Faqat o‘rmonlar yonyaptimi, yo‘q, hashoratlar, hayvonlar ham alanga ichida qolyapti”.

Ma’lumot uchun, Marmaris hududidagi yong‘in 21 iyun kuni kechqurun boshlandi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in natijasida kurort hududining 300-400 gektar maydondagi ignabargli o‘rmonlari zarar ko‘rgan. O‘rmon borish qiyin bo‘lgan joylarda yonmoqda, shuning uchun yong‘inni o‘chirishda asosiy e’tibor aviatsiyaga qaratilgan.

Yong‘inga yaqin hududda istiqomat qilgan 103 oila va shu atrofda ishlagan 274 kishi zarar ko‘rmasligi uchun evakuatsiya qilingan. 

Kecha, 23 iyun kuni o‘rmonga o‘t qo‘yganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Turkiya Ichki ishlar vazir Sulaymon Soylu bergan ma’lumotga ko‘ra, S.A. ismli shaxs qo‘lga olingan gumonlanuvchi Turkiya janubidagi Marmaris kurorti yaqinidagi o‘rmonga qasddan o‘t qo‘yganini tan olgan. Soyluga ko‘ra, gumonlanuvchining o‘rmonni yoqib yuborishiga yaqinda tarixda ushbu hudud bo‘yicha tijoriy mojarosiga uchragani sabab bo‘lgan. U avval o‘rmonni yoqib yuborgan, keyin esa o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Marmaris

Baholaganlar

384

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing