Erdo‘g‘an yunonlar Turkiyani Sharqiy O‘rta Yer dengizidan siqib chiqarmoqchiligini aytdi
Olam
−
31 avgust 2020
7032Turkiyada mamlakat tarixidagi ikkinchi yunon-turk urushidagi hal qiluvchi jang - Dumlupynar jangidagi g‘alabaning 98 yilligi nishonlandi. Pandemiya bo‘lishiga qaramay, mamlakatda yirik marosimlar bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi.
Prezident mazkur jangdagi g‘alabaning asosiy sababchisi, zamonaviy Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturk qabrini ziyorat qildi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Anqaradagi Anitkabir yodgorlik majmuasida nutq so‘zlagan Erdo‘g‘an shunday dedi:
“1919 yilda Samsunda Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida boshlangan ozodlik kurashi 30 avgustdagi jangda yakuniy va doimiy g‘alaba bilan yakunlandi”.
Erdo‘g‘an Turkiyaning farovonlik uchun kurashi bugungi kungacha davom etayotganiga e’tibor qaratdi. U Sharqiy O‘rta Yer dengiziga egalikka qilishga bo‘lgan urinishlarga baho berdi.
“Albatta, Turkiyani Sharqiy O‘rta Yer dengizidan siqib chiqarishga urinayotganlar va bundan bir asr oldin mamlakatimizga bostirib kirmoqchi bo‘lganlari tasodif emas. Turk xalqi qashshoqlik va imkoniyatlar yetishmasligiga qaramay ozodlik uchun kurashni g‘alaba bilan yakunlaganidek, "Moviy Vatan"da yangi ta’sir o‘tkazilishiga ham yo‘l qo‘ymaydi.
Bu masalada turk xalqining irodasi kuchliligi va g‘alabaga bo‘lgan ishonchiga hech kim shubha qilmasligi kerak", deydi Turkiya rahbari turk xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida.