Erdo‘g‘an yaqin kunlarda Putinning niyatini biladi
Olam
−
21 fevral 2022
7066Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqin kunlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish maqsadida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiya rahbari Matbuot kotibi Ibrohim Kalin ma’lumot berdi.
“Prezidentimizning Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuvi haqidagi taklifi aslida bu inqirozdan chiqish uchun eng muhim va eng aniq taklifdir. Prezidentimizning bunga urinishlari davom etmoqda. Yaqinda Ukrainaga qilgan tashrifimiz chog‘ida janob Zelenskiy bilan bu masala muhokama qilindi. Xuddi shunday Prezident Erdo‘g‘an janob Putin bilan telefon suhbatida ham bu masalani ko‘tardi. Yaqin kunlarda yana telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ladi. Tomonlar bu masalani (Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik – tahr.) muhokama qiladi”, degan Kalin.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 26 yanvar kuni Erdo‘g‘an Rossiya rahbarini mamlakatga tashrif buyurishga taklif qilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv tashkil etish istagini bildirdi. 16 fevral kuni Erdo‘g‘an Turkiyada uch tomonlama sammit o‘tkazish g‘oyasiga munosabatini bilish uchun Putin bilan telefon orqali muloqot qilish istagi borligini ma’lum qildi.
Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva va Anqara o‘rtasida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining tashrifi bo‘yicha kelishuv borligi, biroq aniq sanalar hali tasdiqlanmagani haqida ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Matbuot kotibi Putin va Zelenskiyning Turkiyada uchrashish imkoniyati hali amaliy jihatdan muhokama qilinmaganini ta’kidlagan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15