Erdo‘g‘an Ukrainada Zelenskiyning oldiga qanday “talab” qo‘yishi taxmin qilindi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ertaga, 18 avgust kuni Lvovda bo‘lib o‘tadigan uch tomonlama uchrashuvda Ukraina inqirozini hal qilish uchun Istanbul jarayonini qayta tiklash tarafdori bo‘lishi mumkin. Bu haqda TASS’ga Anqaradagi manba Erdo‘g‘an, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida bo‘lajak uchrashuvni sharhlar ekan, ma’lum qilgan. 

"Erdo‘g‘an avvalroq g‘alla bo‘yicha kelishuvning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar muvaffaqiyatsizliklarsiz amalga oshirilmoqda, shuning uchun Turkiya Prezidenti, menimcha,  Istanbulda boshlangan jarayonni tiklash haqida gapiradi”, deydi agentlik manbasi. 

Joriy yilning 29 mart kuni Istanbulda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ular Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha muayyan kelishuvlarga erishdilar, biroq keyinchalik Ukraina tomoni muzokaralardan chiqdi. 

Turkiya Prezidenti ma’muriyati avvalroq xabar qilganidek, Lvovdagi muzokaralarda g‘alla bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish va Ukraina inqirozini diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha mumkin bo‘lgan qadamlarni muhokama qilish rejalashtirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Dolmabaxche saroyida Rossiya-Ukraina delegatsiyalarining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi. Shunisi ahamiyatliki, ushbu uchrashuv 7 mart kuni Brestda o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi ilk yuzma-yuz muloqot edi. 

Muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari sifatida ishtirok etgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ko‘ra, Ukraina tomoni Moskvaning neytral bo‘lish, yadroviy mamlakatga aylanmaslik, boshqa mamlakatlarning harbiy bazalarini kiritmaslik va qo‘shilmaslik bo‘yicha talabini bajarish yuzasidan yozma hujjat taqdim etgan.

Uchrashuvdan keyin Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Rossiya va Ukraina muzokaralaridan qoniqmaganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

81

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing