Erdo‘g‘an uchun og‘ir yo‘qotish: Istanbul boy berildi!

Olam

image

Avvalroq, bugun, 23 iyun kuni Turkiyada Istanbul shahri rahbarligi uchun saylov bo‘lib o‘tayotgani, unda 16 millionlik istanbulliklardan 10 milliondan oshig‘i ovoz berishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.

Istanbulda bugun ertalab boshlangan saylov natijalari e’lon qilinishiga oz qoldi. Shahar bo‘ylab 31342 saylov punktida ovoz berildi va hozirgacha sandiqlardan 99,37%i ochildi.

Norasmiy natijalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, saylovda "Respublika xalq" partiyasi nomzodi Ekrem Imomo‘g‘lu yuqori ovoz to‘plagan. Ma’lumki, saylovda "Adolat va taraqqiyot" partiyasidan Binali Yildirim, "Respublika xalq" partiyasidan Ekrem Imomo‘g‘lu, "Saodat" partiyasidan Nejdet Ko‘kchinor, "Vatan" partiyasidan Mustafo Ilker Yujel, "Ko‘plik" demokratik partiyasidan Do‘g‘an Tuman kuch sinashmoqda.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, "Respublika xalq" partiyasi Ekrem Imomo‘g‘lu 54,03%, "Adolat va taraqqiyot" partiyasidan Binali Yildirim 45,09% ovoz to‘plagan.

Ma’lumki, Istanbul rahbarligi uchun saylov joriy yilning 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan edi. Unda 48,77% ovoz bilan Ekrem Imomo‘g‘lu 48,60% ovoz to‘plagan Binali Yildirim ustidan g‘olib bo‘lgan edi. Oradan 18 kun o‘tib Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi, unda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilganini da’vo qilib chiqdi va qayta saylov o‘tkazilishini e’lon qildi.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Istanbul Turkiyada hal qiluvchi shahar sanaladi. Hukumatda ishlayotgan ko‘plab rahbarlar Istanbuldagi faoliyati orqali ko‘zga tashlangan. Jumladan, Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham siyosatdagi dadil qadamlarini Istanbul rahbarligidan boshlagan. Bu shahar rahbari lavozimida ishlaganlar esa Prezident bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shu bois Ekrem Imomo‘g‘lu mamlakatda norasmiy yakkahukmronlikka o‘ch "Adolat va taraqqiyot" partiyasiga kelgusi Prezident saylovida katta xavf sifatida ko‘rilmoqda. Binali Yildirim esa Prezident Erdo‘g‘anning ishongan odamlaridan. U ikki yil avval Bosh vazir edi. Keyinroq, Parlament raisi bo‘ldi. Endi esa Istanbul rahbarligiga intilmoqda.

Yildirimning Istanbul rahbari bo‘lishini va o‘z partiyasi mamlakatning eng aholisi ko‘p shahrida hukmronlik qilishini hammadan ham ko‘p Prezident Rajab Toyib istayapti.

Birozdan so‘ng, saylov natijalari e’lon qilinadi va Turkiyani kelajakda nimalar kutayotgani ma’lum bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

412

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing