Erdo‘g‘an Turkiyaning yangi “Altay” tankini ko‘rsatdi. U haqida nimalar ma’lum?
Olam
−
24 aprel 2023
13698Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi “Altay” tankini sinovdan o‘tkazish uchun Turkiya qurolli kuchlariga topshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Yeni Şafak” mahalliy gazetasi xabar berdi.
Tankni topshirish marosimi Sakariya viloyatidagi zavodda bo‘lib o‘tgan. Unda Turkiya rahbari ham qatnashgan.
“Bizning yangi “Altay” tankimiz o‘n yil avval taqdim etilgan prototipdan butunlay boshqacha va ustun imkoniyatlarga ega”, degan Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tankning yangi versiyasida zirh dizayni yaxshilangan va Akkor faol himoya tizimi qo‘shilgan. Tanklarni seriyali ishlab chiqarish sinovdan o‘tgandan keyin boshlanishi aytilgan.
“Hozir Turkiya bu sohada [quruqlik vositalari ishlab chiqarishda] dunyoda birinchi o‘rinni egallagan va mahsulotlari ko‘plab armiyalar tomonidan ishlatiladigan yetkazib beruvchi davlatga aylandi”, deydi Turkiya rahbari.
“Altay”ning og‘irligi 65 tonnani tashkil etadi. U Javelin kabi tankga qarshi raketalarga ham bardosh bera olishi aytilmoqda. Jangovar mashina 1919-1923 yillarda Turkiyaning mustaqillik urushida qatnashgan general Fahrettin Altay xotirasiga shu nom bilan atalgan.
Ta’kidlanishicha, tank deyarli butunlay Turkiya mudofaa korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan. Qurollarning alohida elementlari, shu jumladan, o‘qlari ham Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasidan mamlakatga berilgan litsenziyalar asosida ishlab chiqarishga qaror qilingan.
“Altay” tankining yangi versiyasini ishlab chiqaruvchisi Turkiyaning “BMC Defense” kompaniyasidir. Tankdagi yong‘inni nazorat qilish kompyuter tizimi yordamida amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 250 ta tank ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Anqara jami mingta jangovar mashina ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Kelajakda masofadan boshqariladigan versiyalarni chiqarish rejalashtirilgan.
Tankni sinovdan o‘tkazish 2024 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan, 2026 yilning ikkinchi yarmida esa mahalliy tankni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya “Anadolu” jangovar dronlari uchun dunyodagi birinchi samolyot tashuvchi kemasini foydalanishga topshirgandi
LiveBarchasi