Erdo‘g‘an Turkiyaning niyatini aytdi
Olam
−
17 dekabr 2022
9131Turkiya yaqin kelajakda global gaz narxlari markaziga aylanish niyatida. Bu haqda kecha, 16 dekabr kuni Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbul yaqinidagi Silivri yerosti gaz omborining yangi quvvatlarini ishga tushirish marosimida ma’lum qildi va uni Yevropadagi eng yirik gaz ombori deb atadi.
“Biz [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putin bilan muzokaralar olib bordik [Turkiya hududida gaz xabini yaratish bo‘yicha]. Frakiya (Turkiyaning Yevropa qismi) energiya markaziga aylanadi. Maqsadimiz imkon qadar tezroq Turkiyani global gaz narxlari markaziga aylantirish”, deydi Erdo‘g‘an.
Davlat rahbari 3,2 milliard kub metr sig‘imga ega Silivri yerosti gaz ombori dastlab mamlakat gaz taqsimlash tizimiga kuniga 28 million kub metr gaz yetkazib berish imkonini berganini eslatdi. Vaholanki, inshootning ikkinchi navbati ishga tushirilishi bilan undagi gaz ombori hajmi 4,6 milliard kub metrga, sutkalik gaz yetkazib berish esa 75 million kub metrga etadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Silivri gaz omborining salohiyati Turkiyaning ko‘k yoqilg‘iga bo‘lgan yillik ehtiyojining sakkiz foizini qoplash imkonini beradi. Gaz saqlash inshootining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun o‘rnatilgan quvvati 4,2 MVt bo‘lgan shamol turbinasi ham qurilgan.
Turkiya hududida “Shimoliy oqim” orqali yo‘qolgan tranzit hajmini qayta yo‘naltirish mumkin bo‘lgan markaz yaratish g‘oyasi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Rossiya energetika haftaligi” forumida chiqish qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Turkiyada boshqa quvur tizimini qurish va xab yaratish imkoniyati haqida bormoqda, agar ular bundan manfaatdor bo‘lsa, u orqali gaz uchinchi davlatlarga, birinchi navbatda Yevropa mamlakatlariga yetkazib beriladi. Bu masala joriy yilning 13 oktyabr kuni Putinning Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an bilan Ostonada bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasidagi uchrashuvida muhokama qilingan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an turkman gazini ham Ozarbayjon yordami bilan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaga olib kelib, so‘ng uni Yevropa mamlakatlariga pullashni rejalashtiryapti. Shu maqsadda 14 dekabr kuni Turkmanboshi shahrida Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston Prezidentlarining birinchi uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitdan so‘ng Erdo‘g‘an Energetika vazirligi rahbariga bir oy muddatda turkman tabiiy gazini Yevropaga eksport qilish masalasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi.
LiveBarchasi