Erdo‘g‘an Turkiyaga nisbatan G‘arbning bosimi ortib borayotganini aytdi

Olam

image

Turkiyaga nisbatan bosim ko‘lami kengaydi. Bu haqda Turkiyaning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi parlamentdagi fraksiyasi yig‘ilishida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an aytib o‘tdi. 

Prezident 2016 yil 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olinganidan keyin G‘arb davlatlarining Turkiyaga nisbatan pozitsiyasi keskinlashganini qayd etdi. 

“Anqaraga qarshi yashirin embargo qo‘llanildi, uning faol vositasi moliyaviy vositadir”, deydi Erdo‘g‘an. 

Prezident Turkiya hukumati inflyatsiyaning mamlakat aholisiga salbiy ta’sirini minimallashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishiga ishontirdi. 

“Biz mamlakatda narxlarning asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Valyuta bozoridagi manipulyatsiyalar va inflyatsiya ko‘rsatkichlari iqtisodiyotdagi real vaziyatga hech qanday aloqasi yo‘q. Turkiya hukumatining [iqtisodiy sohadagi] sa’y-harakatlari samarasi shu yilning yozidayoq o‘zini namoyon qiladi”, deydi u. 

Davlat rahbari aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlariga misol tariqasida xususiy ta’lim muassasalaridagi ahvolga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Hukumat xususiy ta’lim muassasalarida tariflar o‘sishini 36 foizgacha cheklagan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning iyul oyida hukumat inflyatsiya ko‘rsatkichlarini yana tahlil qiladi va kerak bo‘lsa, mamlakatdagi maoshlar darajasini qayta ko‘rib chiqadi. 

“Turkiya taraqqiyot modeli o‘zini dunyodagi eng yaxshi modellardan biri sifatida ko‘rsatadi”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda turk lirasi dollarga nisbatan rekord darada qadrsizlanib, 1 dollar 18 turk lirasigacha ko‘tarildi. Bir hafta ichidagi keskin ortish ortidan dollarning turk lirasiga nisbatan qimati ortga qayta boshladi. Ayni vaqtda 1 dollar 13,7 lirani tashkil etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

234

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing